Hindistonning “Avee Broilers” kompaniyasi O‘zbekistonda parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda “UzA” xabar berdi.
16-avgust kuni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Parrandasanoat” uyushmasi hamda “Avee Broilers” genetik kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda tomonlar O‘zbekistonda parrandachilik naslchiligini rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, shuningdek, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Go‘sht yo‘nalishidagi parrandachilikning birinchi tartibli ota-onalarini mamlakatda tashkil etish bo‘yicha qo‘mita va uyushma bilan loyiha ishlab chiqilgani qayd etildi
“Gazeta.uz” nashrining xabar berishicha, loyiha qiymati $43 mlnga baholanib, investitsiyalarning bir qismi O‘zbekiston tomonidan qoplanadi.
Kompaniya loyihani Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal va G‘allaorol tumanlarida hamda Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Bitim O‘zbekiston va Markaziy Osiyo ehtiyojlari uchun 4 mln bosh ota-ona shaklidagi parrandalarni yetishtirish imkonini berishi kutilmoqda. Hozirda mintaqaning yillik parranda go‘shtiga bo‘lgan talabi 1,2 mln tonna yoki 5,5 mln boshni tashkil etadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo Yevropa davlatlaridan 200 ming tonnaga yaqin go‘sht import qiladi.
Birinchi bosqichda 2024−2025-yillar genetik bir xillik tufayli belgilari avloddan avlodga to‘liq o‘tadigan toza nasl parrandalarni yetishtirish korxonasi tashkil etiladi.
Ikkinchi bosqichda, ya’ni 2025-yilda bitta inkubatoriyani tashkil etish va ajdodlar galasi — nasli aholiga yetkazib beriladigan parranda go‘shti yetishtirishga asos bo‘ladigan avlodni yetishtirishni tashkil etish rejalashtirilgan.
“Avee Broilers” har yili 4 mln bosh naslli galani yetishtirishga tayyorligini ma’lum qildi, bu esa naslchilik materiallarini O‘zbekistonga yetkazib berish uchun transport xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirishi kutilmoqda.
“Bugungi kunda Yevropa davlatlaridan kelgan ota-ona galasining logistika xarajatlari har bir bosh uchun $2ni tashkil etadi. Loyiha O‘zbekistonda amalga oshirilsa, har bir boshning narxi 50 sentni tashkil etib, Markaziy Osiyoda $5 mlngacha tejash imkonini beradi,” — deyiladi xabarda.
Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda parrandachilikda AQSh tajribasi asosida genetik texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.
Undan keyin sohada genetik texnologiyalarni joriy etish va naslchilik materiallari yetishtirishni ko‘paytirishga qaratilgan davlat rahbari qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, naslchilik korxonasi qurilishi uchun yuqoridagi to‘rtda tuman hududlaridan 200 gektar yer ajratilishi belgilangan.