23-avgust kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi ayrim hududlarda yana elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” matbuot xizmati xabar berdi.
Tumanning “Miskin” hamda “Guruchariq” MFYlarining ayrim hududlarida soat 10:00 dan 16:00gacha iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berilmaydi.
Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.
22-avgust kuni tumanning mazkur mahallalaridagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmagandi.
Avvalroq Energetika vazirligi iyul oyida ijtimoiy norma doirasidagi iste’molchilar soni 69%ga kamayganini qayd etgandi. O‘suvchi koeffitsentlar qo‘llanilishi natijasida o‘tgan oyda bazaviy normagacha energiya iste’moli 72,65 mln kVt/soatga, iste’molchilar soni esa 8%ga oshgan. Qolgan toifalarda pasayish kuzatildi.
O‘tgan oyda O‘zbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi. 26-iyul kuni yozgi maksimal sutkalik elektr iste’moli 253,3 mln kVt/soatni tashkil etdi. Anomal harorat sabab, tizimli avariyalar va ommaviy uzilishlarning oldini olish uchun Toshkentda elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar kiritildi.