Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi joriy yilgi davlat xaridlari sohasida o‘rganishlar olib bordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi"ning maxsus axborot portallari orqali jami 2,8 mlrd so‘mdan ortiq o‘tkazilgan tenderi o‘rganildi.
Natijada, mazkur zavodga “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Qo‘mita tomonidan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda ko‘rib chiqish uchun tegishli tartibda sudga jo‘natildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning Farg‘onadagi tuzilmalarini chiptalar narxini oshirib yuborgani uchun jarimaga tortgandi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” va “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” korxonalari ortiqcha undirilgan 1,3 mlrd so‘mni iste’molchilarga qaytarib berishi kerak.
Shuningdek, yo‘lovchi poyezdlarda konditsioner tizimi ishlamayotganligi haqida xabarlar muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Raqobat qo‘mitasi holatni nazoratiga oldi. Undan keyin “O‘zbekiston temir yo‘llari” kupelar uchun chiptalarni konditsionerni hisobga olmasdan sota boshladi.
Prezident yo‘lovchi vagonlarining ahvoli, sovutish tizimidagi muammolarni qayd etib, 143ta vagon ta’mirtalab, 59ta lokomotiv xizmat muddatini o‘tab bo‘lganini ma’lum qilgandi.