Yangi o‘quv yilining boshlanish sanalari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikning tegishli buyrug‘iga ko‘ra 2024/2025-o‘quv yili oliy ta’lim muassasalarida 9-sentabrdan boshlanadi.

Akademik litseylarda, kasb-hunar maktablarida esa ta’lim jarayonlari 4-sentabrdan boshlanishi belgilandi.

Shuningdek, kollej va texnikumlarning 2- va undan yuqori kurslari uchun 4-sentabr kunidan boshlanadi.

Kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun 2024/2025-o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Avvalroq 2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarining yakuniy natijalari e’lon qilingandi. Undan keyin 1-kurs talabalaridan yotoqxonaga arizalar qabuli boshlandi.

Shu bilan birga, to‘lov-shartnomasini olish uchun onlayn arizalar qabul qilinmoqda. Arizalarni kontrakt.edu.uz tizimi hamda mobil ilova orqali jo‘natish mumkin.