21-avgust kuni Nukus yoshlar texnoparki faoliyatini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, 2024-yilda Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Xorazm, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryoda yangi yoshlar texnoparklari, Marg‘ilon, Zomin, Samarqand va Toshkent viloyatida ixtisoslashtirilgan texnoparklar tashkil etish rejalashtirilgan.
Innovatsion rivojlanish agentligi har yili kamida bir marta alohida startap loyihalar tanlovini o‘tkazib boradi.
Tanlov tegishli hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga qaratilgan yangi turdagi mahsulot va texnologik yechimlarning prototiplarini yaratish maqsadida tashkil etiladi.
Har yili oktabr oyida Orolbo‘yi mintaqasida ekologik muammolar yechimi bo‘yicha loyihalar yuzasidan konferensiya o‘tkaziladi. Iqtisodiyot sohalaridagi korxonalar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan joriy etishga tayyor loyihalar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Muvaffaqiyatli startap loyihalari mualliflari robototexnika, mexatronika, IT, sun’iy intellekt, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha har yili qisqa muddatli xorijiy stajirovkaga yuboriladi. Bu bo‘yicha alohida tanlov tashkil etiladi.
2025-yildan ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida texnoparklarda “InnoX” biznes-inkubator dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur g‘oliblarining ilmiy g‘oya, startap va ilmiy loyihalari “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasidagi mablag‘lar hisobidan moliyalashtiradi.
Bundan tashqari, qaror bilan doktoranturaga hujjatlarni topshirish jarayoni soddalashtirilib, arizalar Yagona portal orqali ham qabul qilinadi. Bungacha hujjatlar faqat Innovatsion rivojlanish agentligining Yagona elektron tizimi orqali taqdim etilishi mumkin edi.
Avvalroq Nukusda o‘tkazilgan Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida “IT Park"da sun’iy intellekt markazi ochilishi ma’lum qilingandi.