23-avgust kuni “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zenergoinspeksiya”) Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.
Inspeksiya yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Hujjat bulan “O‘zenergoinspeksiyaga” qo‘shimcha vazifalar yuklanmoqda. Xususan, inspeksiya energiya samaradorligi bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish va mazkur sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirishi kerak.
Yillik energiya iste’moli 500 tonna shartli yoqilg‘idan yuqori bo‘lgan barcha sanoat korxonalarida energiya iste’molini boshqarish tizimini (Energy Management System) joriy etishni nazorat qiladi.
Sohada davlat nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni yuritish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirishi, shuningdek, energiya auditorlarga malaka sertifikatlarini berish va o‘lchov laboratoriyalari bo‘yicha minimal talablarni belgilashi zarur.
“O‘zenergoinspeksiya"ning markaziy apparati tuzilmasida 30ta shtat birligidan iborat Energiya samaradorligini oshirish departamenti va Energetika nazorati sohasini raqamlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.
Avvalroq “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi prezident tomonidan qabul qilingan qonun bilan inspeksiyaga energiyani tejash, oqilona foydalanish va samaradorlikni oshirish, energiya sifatining belgilangan ko‘rsatkichlariga rioya etilishini ta’minlash topshirilgandi.