“Humo” to‘lov tizimi o‘zining to‘lov tarmog‘ini Janubiy Koreyaning “BC Card” tizimi bilan integratsiya qilishga kelishdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 23-avgust kuni Toshkent shahrida Janubiy Koreya to‘lov tizimi bosh direktori Choi Won Seok va “Milliy banklararo protsessing markazi” (Humo) boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Maqsad Muhiddinov ishtirokida ikki to‘lov tizimini o‘zaro integratsiya qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Integratsiya ikki mamlakat fuqarolari uchun o‘zaro sayohatlar davomida tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni soddalashtiradi. Xususan, “Humo” karta egalari ulardan Janubiy Koreyada, “BC Card” egalari esa O‘zbekistonda to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
“Kompaniyalarimiz o‘rtasida bunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yish naqdsiz to‘lovlar yo‘nalishida xalqaro munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi, shuningdek, „Humo“ va „BC Card“ egalariga o‘z mahalliy kartalaridan ikkalanmamlakatda foydalanish imkonini beradi”, — dedi Maqsad Muhiddinov.
2023-yilning iyul oyida “Humo” va “BC Card” rahbarlari hamkorlik memorandumini imzolagandi. Hujjatda davlatlararo to‘lov tarmog‘ini, “yashil” to‘lov tizimini yaratish va xalqaro pul o‘tkazmalarini tashkil etish bo‘yicha rejalar kiritilgan.
Hozirda “TBC Bank” ko‘magida “Humo” kartalari bilan uzluksiz to‘lovlar Gruziyada ishlaydi. Iyun oyida MBPM direktori Shuhratbek Qurbonov Qirg‘izistonda “Elkart” va Qozog‘istonda “Halyk Bank” bilan birgalikda to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish, kelajakda Turkiya va Ozarbayjon bozorlariga chiqish rejalari haqida ma’lum qilgandi.
Avvalroq “Humo"ni xususiylashtirish uchun arizalarni qabul qilish boshlangani haqida xabar berilgandi.