AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi sanksiyalar ro‘yxatiga bir qator Rossiya tashkilotlari va ular bilan aloqador shaxslarni qo‘shdi.
Rossiya, Belarus, Avstriya, Italiya hamda Xitoy kabi mamlakatlarning 50 nafar fuqarosi blokirovka qilingan sanksiyalarga (SDN) uchrashdi. Ular orasida hozirda Belarus fuqaroligiga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Igor Kuzmenko va Anton Lavrentevlar ham bor.
Shuningdek, “SDN” ro‘yxatiga 334 ta korxona, asosan Rossiya korxonalari kiritilgan. Ular orasida “Evraz” xolding tuzilmalari, bir qancha ko‘mir va energetika kompaniyalari, shuningdek, IT-sohasi vakillari bor.
Xususan, logistika sektori uchun raqamli yechimlar ishlab chiqaruvchi “Intheme Lab” kompaniyasi Amerika sanksiyalari ostida qoldi. Ro‘yxatda (xatolik bilan) uning O‘zbekistondagi ofisining manzili ko‘rsatilgan.
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Intheme Lab” MChJ 2023-yilning sentabrida Toshkent shahrida tashkil etilgan. Kompaniya rasmiy ravishda veb-portallarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi va o‘sha yilning dekabr oyidan boshlab “IT Park” rezidenti maqomini olgan.
Kompaniyaning ustav kapitali 10 mln so‘mni tashkil etdi. 90% ulushi Rossiyaning “Intheme Lab” kompaniyasiga, qolgan 10%i esa asosiy kompaniya bosh direktori Mixail Igoshinga tegishli.
Sanksiyalarga uchragan yana bir kompaniya Novosibirskning “Moliyaviy texnologiyalar markazi” (MTM) bo‘ldi. Bu kompaniya “Zolotaya Korona” to‘lov tizimi uchun mobil ilovani ishlab chiqqan.
Avvalroq Yaponiya O‘zbekistonning “Mvizion” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida xabar berilgandi.