“Telegram” asoschisi Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi, deb xabar berdi“TF1” telekanali. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, jarayon tadbirkor Ozarbayjondan uchib kelgan shaxsiy biznes samolyoti qo‘nganidan so‘ng darhol amalga oshirilgan.
Transport politsiyasi “dastlabki tergov” doirasida chiqarilgan hibsga olish orderi asosida harakat qilgan. Tergov tafsilotlari oshkor etilmagan, biroq ma’lum qilinishicha, order Durovning Fransiya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun berilgan.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, bu rad etish “Telegram” orqali sodir etilgan jinoyatlarga, jumladan, giyohvand moddalarni tarqatish, bolalarga oid jinoyatlar va firibgarlikka yordam berish sifatida baholanadi.
“Le Figaro” nashrining ushbu masalaga yaqin manbasiga tayanib yozishicha, “Telegram” asoschisi yordamchisi va tansoqchisi hamrohligida Bokudan uchib kelgan va Parijda kamida bir oqshom o‘tkazishi kerak bo‘lgan va u yerda kechki ovqat qilishni rejalashtirgan. Durov yakshanba kuni sudga kelishi kutilmoqda.
Gazetaning yozishicha, tergovchilardan biri Durovning Fransiyada qidirilayotganidan xabardor bo‘lganiga qaramay, Parijga borishga qaror qilganidan hayratda qolgan. Bu masalaga yaqin bo‘lgan yana bir manba Durovning bu qaroriga “jazosizlik hissi” sabab bo‘lganini aytdi.
Nashrning qayd etishicha, “Telegram” asoschisi Fransiya jinoyatchilar va qidiruvdagi shaxslar bazasida bo‘lgan. Durov 2021-yildan buyon Fransiya fuqaroligiga ega.
Shuningdek, Durovning hibsga olinishi haqidagi xabardan so‘ng, TON kriptovalyutasi qiymati 14%ga tushib ketdi.
Avvalroq O‘zbekiston aholisining 70%dan ortig‘i, Durovning so‘zlariga ko‘ra, “Telegram"dan foydalanishi haqida xabar berilgandi.