O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shma investitsiya fondi miqdorini oshirishga kelishib oldi. Bu haqda “Report” axborot agentligi xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev ikki davlat ishbilarmonlari vakillari bilan o‘tgan uchrashuvda Ozarbayjon shaharlaridan Samarqand, Farg‘ona va Urganchga aviaqatnovlarni ochish, qo‘shma sayyohlik-ishbilarmonlik majmualari tashkil etishni taklif qildi.
“Ilhom Haydarovich (Aliyev) bilan kelishib oldik, men Bokuda ham, Toshkentda ham o‘zimiznikiga o‘xshash — agar eshitgan bo‘lsangiz, Samarqandda bunyod etilgan xuddi shu “Boqiy shahar"ga o‘xshash shahar qurilishini boshlashni taklif qildim. Xatto qancha gektar bo‘lishini ham aytdim: bizga kamida 5 gektar kerak, agar 10 ga bo‘lsa, undan ham yaxshiroq. Ya’ni, barcha sharoitlar yaratilardi. Bokuda o‘zbek yeri, Toshkentda esa ozarbayjon yeri bo‘ladi”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
Ilhom Aliyev sanoat (og‘ir, avtomobilsozlik, yengil), qishloq xo‘jaligi (paxtachilik, ipakchilik, bog‘dorchilik), turizm va mehmonxona biznesida hamkorlik qilish imkoniyatlarini qayd etdi.
Shuningdek, Ozarbayjon prezidenti biznes loyihalarini axboriy qo‘llab-quvvatlash muhimligini ham ta’kidladi. U Boku meriga O‘zbekistonning burchagi uchun 5−10 gektar maydon tanlash bo‘yicha topshiriq berishini aytdi.
“Ikkinchidan, men Ilhom Haydarovichga doim bir narsani aytaman, agar biz import o‘rnini bossak, biz boshqa mamlakatlarni boqamiz, shunchaki ularni boqamiz. Hamkorlik qilsak esa, 2−3 yil ichida ko‘p narsaga erishamiz, natija ham bo‘ladi”, — dedi Mirziyoyev.
Aliyevning aytishicha, Ozarbayjonning Yevlax viloyatida barpo etiladigan “Global Textile” yangi to‘qimachilik klasterida 40 ming tonna paxta xomashyosi ishlab chiqariladi, bu mahalliy ishlab chiqarishning deyarli 15%iga to‘g‘ri keladi. Kelgusida korxona maydonini ikki barobarga — 5 ming gektardan 11 ming gektargacha oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Ozarbayjon prezidenti dengizda yuk tashish bo‘yicha hamkorlikni, ayniqsa, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston uch tomonlama temir yo‘li qurilishi fonida hamkorlikni taklif qildi.
“Qora dengizda ilgari kemalarimiz borligiga qaramay, biz 4ta „Aframax“ tankerini sotib oldik. Shuning uchun, agar kelajakda bu sizni qiziqtirsa, biz Qora dengizda yuk tashish bo‘yicha birgalikda ishlashimiz mumkin, chunki unda buyurtmalar hajmi yetarli darajada katta. Qora dengiz havzasining murakkabligi esa, aytganlaridek, barchaga ma’lum. Shu sabab ham bu yerda biz hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan ma’lum bir bo‘sh joylar bor”, — dedi Aliyev.
Mirziyoyev yettita loyihani moliyalashtirish uchun ajratilgan qo‘shma sarmoya jamg‘armasi miqdorini oshirish va uchinchi davlatlar, jumladan Afg‘oniston bozorlariga chiqish bo‘yicha kelishuv imzolanganini ma’lum qildi.
O‘tgan yilning 24-fevral kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan ikki tomonlama mintaqalararo forumda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida ustav kapitali $500 mln bo‘lgan qo‘shma investitsiya fondini yaratish to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.
O‘sha forumda tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazishga kelishib oldilar. Buning uchun o‘zaro talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni yetkazib berishni oshirish, ishbilarmonlik aloqalari uchun platformalar yaratish rejalashtirilgan.
2023-yilning iyulida O‘zbekiston prezidenti Ozarbayjon bilan loyihalarni moliyalashtirish uchun investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuvni tasdiqladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari yangi loyihalarni boshlagani haqida xabar bergandi.