Shavkat Mirziyoyev fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yaxshilash bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini oshirishga xizmat qiluvchi eng muhim oltita yo‘nalish belgilab berilmoqda. Xususan, Parlament huzurida Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, ijtimoiy loyihalarning manzilliligi ta’minlanadi, byurokratiyaga chek qo‘yiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari va ijtimoiy buyurtmalarini ajratish bilan bog‘liq jarayonlarning shaffofligini ta’minlovchi yagona elektron platforma ishga tushiriladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:
- har yili davlat organlari ijtimoiy buyurtma tanlovlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazadi;
- davlat organlariga fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbusli ijtimoiy sheriklik loyihalarini BHMning 1000 (340 mln so‘m) baravarigacha tanlovlarsiz moliyalashtirish huquqi beriladi;
- har yili hukumat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosiga fuqarolik jamiyati institutlarini ijtimoiy sheriklik asosida jalb qilish bo‘yicha dastur qabul qiladi.
Ijtimoiy ahamiyatga ega faoliyatni ommalashtirish uchun fuqarolik jamiyati institutlariga imtiyozlar beriladi. Xususan, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtma loyihalari doirasida daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkalari 3 yil muddatga 50%ga kamaytirilmoqda.
2025-yildan boshlab nogironlar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji 2 baravarga kamaytiriladi.
Shuningdek, homiylik tashkilotlarining ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga xayriya pulining soliq solinmaydigan miqdori amaldagi 15 mln so‘mdan 34 mln so‘mgacha (BHMning 100 baravari) oshirilmoqda.
Avvalroq Senat ayrim keksalarga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqini beruvchi qonunni ma’qullagandi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lganlardan ID-karta yoki biometrik pasportni almashtirishda to‘lov undirilmaydi.