Avstraliyada xodimlarga jazodan qo‘rqmasdan ish vaqtidan tashqari ish qo‘ng‘iroqlari va xabarlarga e’tibor bermaslik imkonini beruvchi “aloqani uzish huquqi” qonuni kuchga kirmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar bermoqda.
Yangi qonun xodimlarga, agar rad etish asossiz deb hisoblanmasa, ish vaqtidan keyin ish beruvchi yoki uchinchi shaxslarning murojaatlariga javob bermaslik huquqini beradi.
Yangilik texnologiya va onlayn ish tufayli xiralashgan ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi aniq chegaralarni tiklashga qaratilgan.
Qonun ish beruvchilarga xodimlar bilan aloqa qilishni taqiqlamaydi, lekin intizomiy jazo tahdidisiz bunday aloqalarni e’tiborsiz qoldirishga imkon beradi.
Misol uchun, agar sizning xo‘jayiningiz sizga soat 23:00da elektron pochta xabarini yuborsa, uni o‘qib chiqish shart emas.
O‘tgan yili o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, avstraliyaliklar yiliga o‘rtacha 281 soat haq to‘lanmagan holda ishlagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qonun stress va charchoqni kamaytirishga yordam beradi va ko‘proq dam olgan xodimlarning samaradorligini oshiradi.
Agar ish beruvchi xodimni bunday xabarlarga e’tibor bermagani uchun jazolamoqchi bo‘lsa, u 94 ming avstraliya dollari (taxminan $63 ming) miqdorida jarimaga tortiladi.
Xabarlarga javob berishdan asossiz bosh tortgani uchun xodim 19 ming avstraliya dollari (taxminan $12 ming) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Qonun milliy tizimning barcha xodimlari uchun joriy yilning 26-avgustidan, kichik biznes subyektlari uchun esa 2025-yildan kuchga kiradi.