24-avgust kuni “Telegram” asoschisi Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi. Fransiya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun unga hisbga olishga order chiqarilgan.
“Telegram” jamoasi birinchi marta messenjer asoschisining hibsga olinishiga rasmiy izoh berdi.
Unda “Telegram” Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, “Raqamli xizmatlar to‘g‘risida"gi qonunga amal qilishi, uning moderatsiyasi sanoat standartlariga javob berishi va doimiy ravishda takomillashtirilishi ta’kidlangan.
“„Telegram“ bosh direktori Pavel Durovning yashiradigan hech narsasi yo‘q va tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqadi. Platforma yoki uning egasi mazkur platformani suiiste’mol qilish uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilikdir.”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, dunyo bo‘ylab deyarli milliard foydalanuvchi “Telegram"dan aloqa vositasi va muhim ma’lumotlar manbai sifatida foydalanishini qayd etilgan. Jamoa, “bu vaziyatning tezroq hal etilishi"ni kutishmoqda.
Fransiya politsiyasi tomonidan Pavel Durovni hibsga olish jarayoni tadbirkor Ozarbayjondan Parijga uchib kelgan shaxsiy biznes samolyoti qo‘nganidan so‘ng amalga oshirilgan.
Unga nisbatan “Telegram"da moderatsiyaning yo‘qligi, messenjer orqali sodir etilgan jinoyatlar, jumladan, giyohvand moddalarni tarqatish, bolalarga oid jinoyatlar firibgarlikka yordam berish kabi ayblovlar berilgan.
“Telegram” asoschisi Fransiya jinoyatchilar va qidiruvdagi shaxslar bazasida bo‘lgan. Durov 2021-yildan buyon Fransiya fuqaroligiga ega.
Iyun oyining oxirida Pavel Durov O‘zbekistonga safar qilib, uchta shaharda bo‘ldi: Toshkent, Samarqand va Buxoro. Telegram asoschisi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, yana Toshkentga kelishga va’da berdi.