Samarqand va Navoiy viloyatlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Departamentning Bulung‘ur tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Unda “X.n.” fermer xo‘jaligi rahbari X.X. xo‘jalik yer maydoniga o‘rnatilgan suv nasosining elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgani aniqlandi.
Buning natijasida 139,9 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Shu kabi, Departamentning G‘ozg‘on shahri va Qiziltepa tumani bo‘limlari tomonidan ham tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazildi.
Tekshiruvda ushbu hududlardagi “M.S.” MCHJ hamda “Q.Q.” va “F.O.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangani aniqlandi.
Buning natijasida esa jami 266,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Jizzaxda qariyb 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, fermer xo‘jaligi suv nasosini tarmoqqa o‘rnatilgan hisobga olish uskunasini ulanish sxemalarini o‘zgartirish yo‘li bilan tashqi ta’sir ko‘rsatib ulab olgani aniqlandi.