Avvalroq Ozarbayjonning Imishli, Yevlax hamda Xankendi hududlarida O‘zbekiston ishtirokida to‘qimachilik klasterlari tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Tomonlar umumiy qiymati $520 mln bo‘lgan yettita loyihani ishga tushirishga kelishib oldi, deb xabar berdi Ozarbayjonning “Report” agentligi.
Xususan, “Global Textile” kompaniyasi Yevlax viloyatida $104 mlnlik to‘qimachilik klasterini quradi. Loyiha paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini nazarda tutadi.
O‘zbekiston tomonidan yana uchta loyiha rejalashtirilgan. Jumladan, “TST Group” Imishli tumanida $54 mlnlik to‘qimachilik klasterini quradi, “Business Tex” kompaniyasi esa Xonkendida qiymati $6 mlnlik to‘qimachilik fabrikasini tashkil qilmoqda. Shuningdek, Fuzuli viloyatida $3 mln evaziga ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik bog‘i barpo etiladi.
O‘z navbatida, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida gips va gips-karton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonani qurish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati $20 mln bo‘lib, ishlab chiqarish hajmi kuniga 350 tonnani tashkil etadi.
Bundan tashqari, “Pasha Holding” shuba korxonasi “Pasha Development” Chilonzor tumanida $200 mlnga “The Ritz-Carlton” brendi ostida besh yulduzli mehmonxona va premium-klass toifasidagi rezidensiya quradi.
Yana bir loyiha — avvalroq xabar berilgan, Mirobod tumanida $133 mlnlik “Agalarov Residence” turar-joy majmuasi qurilishi. Sentabr oyida “Agalarov Development” kompaniyasi 750 xonadonli apart-mehmonxona qurilishini boshlash niyatida.
Avvalroq O‘zbekiston va Ozarbayjon Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berishni tezlashtirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi. Ikki mamlakat yetakchilari yashil energiyani Yevropa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha mintaqaviy loyihani amalga oshirishni tezlashtirishga kelishishdi.