Ikboljon Sobirov Andijon viloyatida tug‘ilgan. 2019-yil bakalavrni Toshkentdagi Xalqaro vestminster universitetida biznes axborot tizimlari yo‘nalishida o‘qigan.

So‘ng, 2021-yilda magistraturaga Abu Dabidagi Mohamed bin Zayed University of Artificial Intelligence’da sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha 100%lik grant asosida qabul qilingan.

Hozirda Oksford universitetida tibbiyotda sun’iy intellekt bo‘yicha doktoranturada ham to‘liq grant asosida o‘qishni davom ettirmoqda.


Andijondan “Oksford"gacha

Axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishim bolaligimdan paydo bo‘lgan. 2007-yil otam o‘rganishimiz uchun kompyuter xarid qilganlar. Shundan so‘ng, unda turli xil ilovalarni ishlatib, axborot texnologiyalariga qiziqishim orta boshladi.

2015-yilda Toshkentdagi Xalqaro vestminster universitetiga to‘liq grant asosida o‘qishga qabul qilindim. 2019-yilda universitetni tugatgach, ilmiy yordamchi sifatida 1 yil amaliyot o‘tadim. O‘sha paytlari tibbiyotda sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha ilmiy ishni ham boshladim. Bu yo‘nalish meni juda qiziqtirib qo‘ygani bois, magistraturani ham shu bo‘yicha davom ettirishni xohladim.

Magistratura uchun asosiy e’tiborni AQSh va Angliyaga qarayotganimda, ikkala tarafga ham karantin sababli yo‘llar yopila boshladi. Amerikadagi bir nechta universitetlardan o‘qish uchun takliflarni ham olganman. So‘ng Abu Dabidagi Mohamed bin Zayed University of Artificial Intelligence’ga sun’iy intellekt yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirdim.

doktorantura, ikboljon sobirov, oxford university, to‘liq grant

Foto: MBZUAI

U yerga to‘liq grant asosida qabul qilinganim haqida qabul xati bilan aloqaga chiqishdi. Bu joyda o‘qish eng ko‘p o‘ylantirgan va qabul qilish qiyin bo‘lgan qarorlarimdan biri edi. Tavakkal qilib olg‘a boraverdim, sababi ular taklif etayotgan to‘liq grant, oylik stipendiya va bir qancha moliyaviy hamda ijtimoiy afzalliklar o‘ziga jalb qilgandi.

Universitetda kompyuter nigohi sohasi bo‘yicha o‘qidim. Bu soha sun’iy intellekt tarkibidagi yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Magistratura davomida ko‘plab ilmiy maqolalar chop etib, keyingi faoliyatim uchun zamin yaratdim. O‘qishim yakunlanishiga oz qolganida, rejalarim orasiga Oksford qo‘shildi.

Bilim olishda qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy hol. Ammo, sun’iy intellekt va tibbiyotni barobar o‘rganish o‘zimga yoqqani uchun ham deyarli qiynalmaganman. Qiyinchilik asosan moliyaviy jihatdan bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘qish va qo‘shimcha xarajatlarni qoplash kabilar.

Magistraturaga 100%lik grant yutish haqida

Mohamed bin Zayed Sun’iy Intellekt universiteti stipendiyasi xalqaro talabalar uchun to‘liq moliyalashtiriladigan stipendiyadir. U magistratura va doktorantura uchun taqdim etiladi. Bu stipendiya 100% o‘quv to‘lovidan ozod bo‘lish, oylik stipendiya, turar joy va boshqa ko‘plab imtiyozlarni taklif etadi. Shuningdek, sun’iy intellekt bo‘yicha ilg‘or, maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun mo‘ljallangan bir qator dasturlardan iborat.

Universitetda o‘qish davrida barcha qabul qilingan talabalarga oylik stipendiya beriladi. Shu bilan birga, ushbu stipendiyalar va boshqa imtiyozlarni saqlab qolish uchun ulardan yuqori ilmiy mavqega ega bo‘lishlari, oliygohning axloq kodeksiga rioya qilishlari va o‘qish davrida muayyan talablarni bajarishlari kutiladi.

Barcha talabalar “Masdar city” kampusida turar joy bilan ta’minlangan bo‘lib, u yerda alohida yotoqxona, oshxona va televizor hamda internet mavjud.

Stipendiyani qo‘lga kiritish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishlari kerak:

  • Har bir abituriyent ingliz tilini bilish bo‘yicha TOEFL iBT’dan kamida 90 ball yoki IELTS Academic imtihonidan kamida 6,5 ballni qo‘lga kiritgan bo‘lishlari kerak.
  • Magistratura uchun: bakalavr darajasi yoki BAA Ta’lim vazirligi (MOE) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan yoki tan olingan yuqori darajadagi universitetning ekvivalenti. Talabalar minimal CGPA 3.2 (4.0 shkalasi bo‘yicha) yoki ekvivalentiga ega bo‘lishi hamda ariza topshirishda o‘zlarining to‘liq daraja sertifikatlari va transkriptlarini (ingliz tilida) taqdim etishlari kerak.
  • PhD uchun: magistr darajasi yoki BAA Ta’lim vazirligi (MOE) tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan yoki e’tirof etilgan oliy o‘quv yurtining ekvivalenti. Talabalar kamida 3.2 (4.0 shkalasi bo‘yicha) yoki unga tenglashtirilgan CGPA ga ega bo‘lishlari va ariza topshirishda to‘liq daraja sertifikatlari va transkriptlarini (ingliz tilida) taqdim etishlari lozim.

Universitetga qabul qilingach, birinchi semestrda daraja attestatsiyasi (BAA darajalari uchun) yoki ekvivalentlik sertifikati (BAAdan tashqarida olingan darajalar uchun) ham topshirilishi kerak.

Dastur uchun quyidagi ketma-ketlikda hujjat topshirish mumkin:

  1. Rasmiy onlayn veb-saytdan ro‘yxatdan o‘tiladi.
  2. Dasturni tanlab, ariza shakli to‘ldiriladi.
  3. Hujjatlar va sertifikatlar yuklanadi.

Barcha kerakli ma’lumotlarni faqat ingliz tilida to‘ldirish kerak. 500tadan 1000ta so‘zgacha bo‘lgan inshoda nomzod universitetga hujjat topshirish uchun maqsad bayonini ko‘rsatishi kerak. Unda ariza beruvchining shaxsiy va ilmiy ma’lumotlari, shuningdek, uning tanlagan yo‘nalishi bilan bog‘liq ma’lumotlari, bo‘lajak talaba sifatidagi maqsadlari bo‘lishi mumkin.

doktorantura, ikboljon sobirov, oxford university, to‘liq grant

Foto: shaxsiy arxiv

Bu grantni qo‘lga kiritishda ustunlik beradigan jihatlar — baholarning yuqori bo‘lishi, tavsiyanoma va testlarda yaxshi natija ko‘rsatish hisoblanadi. Shuningdek, maqsadlar inshosi eng katta rol o‘ynaydi. Nomzod inshoda kelajakda kim bo‘lishi va rejalarini aniq bayon etishi kerak.

Grantning moliyaviy miqdori bir semestr uchun 200 ming dirhamni tashkil etadi va 4ta semestr uchun taxminan $220 ming atrofida ajratiladi. Imtiyozlarga kelsak, talabaga yashash uchun joydan tashqari sog‘lik uchun sug‘urta, konferensiyalarga borish uchun qo‘shimcha mablag‘ va yiliga bir marotaba uyga borib kelish xarajatlari qoplanadi.

Oksford’dagi amaliyot dasturi

Oksford’ga birinchi marta 2022-yilning yoz fasli boshida kelib, amaliyot dasturida qatnashganman. U yerdagi jamoaga qilgan ishlarim ma’qul kelgani sababli ilmiy tadqiqotchi sifatida ishimni onlayn davom ettirdim.

Abu Dabiga qaytib, magistraturani muvaffaqiyatli tamomladim, shu vaqt davomida esa “Oksford"ga va yana bir nechta yuqori mavqedagi oliygohlarning doktorantura bosqichiga hujjatlarimni topshirdim.

Birga ishlab kelayotgan jamoam tibbiyot ilmlari bo‘limidanligi uchun ularga qo‘shilishimni taklif qilishdi. O‘zim esa komputer ilmi bo‘limiga topshirishni xohlagandim. Keyin 2023-yil kuzgi semestrda har ikkala fakultetga ham hujjat topshirib, ikkisidan ham qabul xatlarini oldim. Lekin, ular tomonidan hech qanday grant takliflari bo‘lmagani sababli qishki semestrda qayta hujjat topshirdim. U payti esa faqatgina tibbiyot bo‘yicha grant yutdim va hozir shu yo‘nalishda ish olib boryapman.

Oksford’da qayerdan stipendiya olayotganingizga qarab, mablag‘ miqdori o‘zgaradi. Masalan, doktorantlarga yiliga 16 mingdan 20 ming funt sterlinggacha stipendiya beriladi.

Son emas, sifat muhimligini angladim. Abu Dabida magistraturada o‘qiyotganimda, ilmiy maqolalarni ko‘proq nashr qilishimiz kerak edi. Bu go‘yo qancha maqola chiqarish bilan o‘lchanadigan poygadek tuyulardi. Ba’zi professorlar hatto bir yilda 40tadan ortiq maqola nashr qilishardi. Men ham e’tiborni shunga qaratganman.

Lekin bu qarash Oksford’ga kelganimdan keyin o‘zgardi va bu yerda yondashuv boshqacha. Ya’ni, maqolalarning soni emas, balki ularning sifati va ta’siri muhim. Maqsad dolzarb muammolarni aniqlash va ularni hal qilish uchun kerakli vaqtni ajratishdir. Bitta ahamiyatli maqola hech qanday o‘zgarish keltirmaydigan maqolalarga qaraganda ko‘proq qadrlanadi.

Bu yerdagi professor bitta voqeani aytib bergandi. U avvaliga bir yilda 35−40ta maqola nashr qilgan. So‘ng, Oksford’ga ishga kirish intervyusida unga bir yilda faqatgina 3−4ta maqola chiqarishni maslahat berishgan. Maqsad shuki, o‘sha 35−40ta maqolaga ketadigan barcha kuchni bir necha muhimlariga sarflash kerak edi.

Bu yondashuv mening ham fikrlashimni o‘zgartirdi. Imkon qadar ko‘proq maqola chiqarishga harakat qilmasdan, muhim muammolarni hal qilish va haqiqiy ahamiyatga ega ish chop etishga e’tibor qaratyapman. Abu Dabidan Oksford’ga ko‘chish nafaqat joyimni, balki ilmiy izlanishlarga bo‘lgan yondashuvimni ham o‘zgartirdi.

doktorantura, ikboljon sobirov, oxford university, to‘liq grant

Foto: shaxsiy arxiv

Ilmiy faoliyat haqida. Yurak qon-tomir kasalliklari bugungi kunda eng ko‘p uchrayotgan xastalik turi hisoblanadi. Hozirgi ishimiz sun’iy intellektdan foydalangan holda yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlarga avtomatik tarzda tashxis qo‘yib, bu kasallikka oid statistika va ma’lumotlarni to‘plashdan iborat.

Agar tashxis qo‘yayotgan paytda insonda yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanmagan bo‘lsa, qandaydir rivojlanish potensiali bo‘lsa ham, unda shunday risk borligini dastur aytib bera oladi. Unda 10 yil oldindan bu kasallik qanchalik rivojlanishi ehtimolini aniqlashga oid ko‘rsatkichlarni aniqlab beradi.

Bizning jamoamiz multidisipliner bo‘lib, barcha tibbiy, ilmiy va texnologik ishlar jamoada bajariladi. Masalan, yurak atrofida koronar arteriyalar joylashgan va bizning ilmiy ishimizda ularni ajratib chiqish kerak, keyin ajratilgan arteriyalarni tahlil qilamiz. Ularni birma-bir ajratib chiqish uchun har bir bemorga bitta kardiolog o‘rtacha 10−12 soat vaqt sarflaydi. Biz esa bitta bemor bilan soniyalar ichida ishlashimiz mumkin.

Bizda bor genetik ma’lumotlarni sun’iy intellektdan foydalangan holda tahlil qilish hamda tomografiya va genetik ma’lumotlarni analiz qilgan holda prognoz qilish asosiy vazifamiz. Prognoz qilinayotganda bioindekatorlardan foydalanib, inson tahlil qilinadi. Yurakda yig‘ilgan kalsiyni hisoblash yurak-qon tomir kasalliklari borligining asosiy indikatori sifatida ko‘rsatiladi, lekin uning juda ko‘p kamchiliklari bor. Kalsiyning bor yoki yo‘qligi yurak kasalligini rivojlantiradimi yoki yo‘qmi, aniq aytib bera olmaydi.

Jamoamiz bilan qilayotgan ishlarimiz turli xil bioindikatorlarni yaratishdan iborat bo‘lib, hozir ikkita katta bioindikator yaratilgan, ayni damda 250 ming (bu sonning qisman yarmini zabt etdik) bemor ustida test qilib, dastur qanchalik ishlashini tekshirmoqchimiz. Mening vazifam rasm va genetik ma’lumotlardan foydalanib, yangi turdagi indikatorlarni yaratishdan iborat.

Foto: shaxsiy arxiv

“Oksford” shaharchasi va undagi hayot haqida

“Oksford” shaharchasi ko‘chalari juda tor, asosan bir qatorli va bu yerda yashovchi aholi yo‘l ustida mashinalarini qoldirishadi. Uylar ham asosan, ikki qavatli, bir biriga o‘xshash dizaynga ega.

Shuningdek, ko‘p turdagi narsalarni (misol, qozon-tovoq, kiyim-kechak) xarid qilmoqchi bo‘lsak, ularni asosan shahar markazidan olamiz. Lekin, kunlik mahsulotlarni “Tesco” nomli do‘konlar tarmog‘idan olamiz. Har doim vegetarian ekanligini tekshirishga to‘g‘ri keladi. Undan tashqari, faqat halol mahsulotlar sotadigan do‘konlar ham bor. Ulardan qo‘rqmasdan hamma narsani olsa bo‘ladi, lekin narxlari bir oz qimmatroq.

Hozirda “Dorset Student House” (talabalar yotoqxonasi)da yashab kelyapman. Bu yotoqxonani o‘qishga aloqasi yo‘q va u biznes sifatida ochilgan. Albatta, beriladigan to‘lovlar ichida barcha turdagi hisob-kitoblar kiradi (elektr, WiFi, suv va hokazolar). Shuning uchun ham ko‘pgina talabalarga shu kabi joylarda yashash qulay.

Foto: shaxsiy arxiv. Talabalar yotoqxonasi

Bu yerga kelganimda meni hayratga solgan narsa — barcha binolar o‘ta eski va bu eskilikda go‘zallik borligi bo‘ldi. Binolar 1800-yillarda va undan ham oldinroq qurilgan. Ularda xristianlik dini yuzaga kelgani, shuncha yillardan beri bu go‘zallik saqlanib qolgani odamni ajablantiradi.

El-yurt jamg‘armasi grantini yutdim, ammo…

Hozirda “Oksford"ning o‘zi menga to‘liq grant ajratgan va stipendiya ham olaman. Shu bilan birga, EYUFning 2023-yilning 2-bosqichida ham qatnashib, nomzodlar orasida eng yuqori natijani ko‘rsatgan edim. Tanlov uch bosqichda bo‘lib, birinchisida talab etiladigan hujjatlar topshiriladi va ular EYUF tomonidan birma-bir ko‘rib chiqiladi. Barchasi muammosiz bo‘lsa, nomzod ikkinchi bosqichga, testga taklif etiladi. Bunda analitik qobiliyat, ya’ni IQ testi va ilmiy ish qilish bo‘yicha savollar bo‘lib o‘tadi.

Bu bosqichdan o‘tganlar esa, keyingi suhbatga taklif qilinadi. Suhbat ikki xil bo‘lib, birinchisi soha bo‘yicha intervyu, ikkinchisi esa ma’naviy-ma'rifiy yo‘nalishda bo‘ladi. Undan o‘tgandan so‘ng, oxirgi natijalar e’lon qilinib, rasmiy stipendiat unvoni beriladi.

EYUF dunyo bo‘ylab top 300ta universitetlarning biriga kirganlar uchun to‘liq grant ajratadi. O‘qish to‘lovi, yashash xarajatlari, borib-kelish uchun avia chiptalar, sug‘urta, kitoblar va konferensiyalar qoplab beriladi. Shu sababli ham o‘qishni tamomlagach, zudlik bilan O‘zbekistonga qaytish va davlat tashkilotlarida bir necha yil ishlab berish talabi bor edi.

Aynan shu talab mening yaqin kelajakdagi rejalarimga mos kelmagani va menda “Oksford"dan grant borligi sabab EYUFdan yarim qismli grant kerakligi uchun hamda ishlab berish talabini bekor qilishni so‘rab qo‘shimcha so‘rovnoma qoldirdim. Ular buni rad etishdi.

doktorantura, ikboljon sobirov, oxford university, to‘liq grant

Foto: shaxsiy arxiv

Axborot texnologiyalarni qanday o‘rganish mumkin?

Maktabda o‘qiyotgan yoshlar axborot texnologiyalari sohasida boshlang‘ich bilimlarni qanday olishlari mumkinligi haqida bir nechta tavsiyalar berib o‘tmoqchiman:

  1. Maktab davrida qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash o‘quvchining, o‘qituvchining va ota-onaning eng asosiy vazifasi bo‘lishi kerak;
  2. Mantiqiy, tanqidiy va tahliliy fikrlashga e’tibor qaratish, bunda, muammoga duch kelgan vaqt, qanday yechim topa olishni o‘rganish;
  3. Kompyuter bilimlariga qiziqish bor bo‘lsa, o‘yin va oxirgi bo‘layotgan ixtirolar orqali qiziqishini kengroq ko‘rib chiqishi, bunda, MITdan Scratch kabi o‘yinlar, ChatGPT kabi dasturlar yordam beradi;
  4. Bosqichma-bosqich amaliy ishlarni bajarish, bunda kalkulyator yoki o‘zining shaxsiy saytini yaratishdan, murakkab dasturlargacha;
  5. Matematika fanini chuqurroq o‘rganish: algebra, funksiya, matritsa, hosila, integral, chiziqli algebra kabi mavzularni kengroq ko‘rib chiqish mumkin.