Pavel Durovni Fransiyada hibsda saqlash muddati 28-avgust kuni tugaydi, deya xabar berdi “Kommersant” nashri Parij prokuraturasiga tayanib.
Durovga uyushgan guruh tomonidan noqonuniy tranzaksiya uchun onlayn platforma yaratish, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilish va hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortish, shuningdek, firibgarlik, giyohvand moddalar savdosi kabilar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Xususan, prokuratura veb-saytida e’lon qilingan press-relizda aytilishicha, Durov quyidagi 12ta jinoyat bo‘yicha ayblanmoqda:
- Ishtirokchilik — uyushgan guruhda noqonuniy bitimni amalga oshirish maqsadida onlayn platformani veb-mastering qilish;
- So‘rov bo‘yicha vakolatli organlarga ma’lumot yoki hujjatlarni topshirishni rad etish;
- Ishtirokchilik — voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlariga egalik qilish;
- Ishtirokchilik — uyushgan guruh tarkibida voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini tarqatishda;
- Ishtirokchilik — giyohvandlik vositalarini olish, tashish, saqlash, sotishda;
- Ishtirokchilik — ma’lumotlarni qayta ishlash tizimlariga kirish uchun mo‘ljallangan yoki moslashtirilgan asbob-uskunalar, instrumentlar, dasturlar yoki ma’lumotlarni sotish yoki noqonuniy uzatishda;
- Ishtirokchilik — uyushgan firibgarlikda;
- Besh yil yoki undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadigan jinoyat yoki jinoyat sodir etish uchun jinoiy jamoa tuzish;
- Uyushgan guruh tarkibida huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar natijasida olingan daromadlarni legallashtirish;
- Sertifikatlangan deklaratsiyasiz maxfiylikni ta’minlash uchun kriptografiya xizmatlarini ko‘rsatish;
- Oldindan e’lon qilmasdan nafaqat autentifikatsiya yoki fayllarning yaxlitligi monitoringini ta’minlaydigan kriptografik vositani taqdim etish;
- Oldindan e’lon qilmasdan autentifikatsiya yoki fayl yaxlitligi monitoringini ta’minlaydigan kriptografik vositani import qilish.
Bayonotga ko‘ra, “Telegram” asoschisiga nisbatan ish joriy yilning 8-iyul kuni Fransiyada ochilgan bo‘lib, uni hibsda saqlash 96 soat, ya’ni 28-avgustgacha davom etishi mumkin.
Pavel Durov ishi bo‘yicha tergovni Raqamli jinoyatlarga qarshi kurash markazi (C3N) hamda Milliy firibgarlik idorasi olib bormoqda. Matbuot xabariga ko‘ra, Durov allaqachon tergovchilar tomonidan so‘roq qilingan.
24-avgust kuni “Telegram” asoschisi Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi. Fransiya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun unga hisbga olishga order chiqarilgan.
“Telegram” Pavel Durov hibsga olinishiga izoh berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga amal qilishini hamda uning moderatsiyasi sanoat standartlariga javob berishini qayd etdi.