O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etiladigan “Umra — 2024"ning navbatdagi mavsumi joriy yilning 10-sentabridan boshlanadi. Bu haqda musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Uning doirasid fuqarolar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarda Saudiya Arabistoniga olib boriladi.
Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makka shahrida esa 7 kun bo‘ladi. Mavsum davomida tajribali ishchi guruhi va imom-xatiblardan iborat ellikboshilar hamda malakali shifokorlar ziyoratchilarga hamrohlik qiladi.
Madina va Makka shaharlarida ziyorat tashkil etilib, ziyoratchilar Madinadagi “Grand Shahba”, Makkadagi “Marmara Group Hotel” mehmonxonalariga joylashtiriladi.
Mehmonxonalar 3−4 o‘rinli bo‘lib, 3 mahal taom beriladi. Shu bilan birga, tibbiyot punktlari, transport xizmati va ishchi guruhlari shtablari 24 soat davomida faoliyat yuritadi.
Umra ziyoratlari bo‘yicha fuqarolar +998−99−882−18−58, +998−77−085−18−58 raqamlariga murojaat qilishlari mumkin. Viloyatlardagi vakillarning aloqa manzillari bu yerda.
Mart oyida “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun litsenziya joriy qilinishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Iyulga kelib, Umra tadbirlarini tashkil etish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Yuridik shaxslar mazkur faoliyat uchun litsenziya olishda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ysa, 68 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi.