AQSh moliya vazirligi Rossiya bilan biznes yurituvchi davlatlarni Rossiya banklariga o‘z hududlarida filiallar ochishga ruxsat bersa, ikkilamchi sanksiyalar xavfidan ogohlantirdi. Bu haqda “Financial Times” xabar bermoqda.
Bu chora Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslikka, ayniqsa, harbiy maqsadlarda foydalaniladigan ikki maqsadli tovarlar uchun to‘lovlar bo‘yicha choralarga qaratilgan.
“Biz nafaqat Rossiya banklarining filiallarini, balki mamlakatingizdagi ular bilan hamkorlik qiladigan boshqa tashkilot va kompaniyalarni ham ta’qib qilamiz”, — dedi AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyemo.
Uning ta’kidlashicha, sanksiyalar hatto o‘zlari ham sanksiyaga duchor bo‘lmagan banklarga ham qo‘llanilishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AQSh tomonidan Rossiya banklarining sho‘ba korxonalariga nisbatan blokirovka qiluvchi sanksiyalar joriy etilishi “xorijiy regulyatorlarni litsenziyalarni bekor qilishga yoki bunday kompaniyalar faoliyatini boshqa yo‘l bilan cheklashga undashi” mumkin.
“VTB” bosh direktori Andrey Kostin iyul oyida G‘arb Moskvaning har qanday harakatlariga tezda javob berayotgani sababli Rossiya yangi vaqtinchalik yechimlarni topishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini tan oldi.
Rossiya, shuningdek, G‘arb moliyaviy bosimiga qaramligini kamaytirish uchun Xitoy va Eron kabi davlatlar ishtirokida muqobil to‘lov tizimlarini yaratish choralarini ko‘rmoqda.
Biroq, ba’zi Xitoy banklari Rossiyada sotib olingan yuanni “kir” va “toza” deb atash bilan farqlay boshladilar. Qirg‘izistonda mahalliy banklar Rossiyaning “Sberbank” va “T-Bank” banklaridan o‘tkazmalarni ikkilamchi sanksiyalar xavfi tufayli to‘xtatdi. Ushbu voqealar fonida “Xiaomi” va “TCL” zavodlari ishlab chiqarishni Rossiyadan Qozog‘istonga ko‘chirishi mumkin.
Avvalroq “Spot” Alisher Usmonov Rossiyaga qarshi sanksiyalarni “katta xato” va “ojizlik belgisi” deb ataganini yozgandi.