O‘zbekistonliklar Mustaqillik bayrami munosabati bilan ketma-ket 4 kun dam olishadi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dam olish kunlari prezidentning “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida"gi farmoni bilan belgilangan.
Shundan kelib chiqib, bayram kunlari ketma-ket 4 kun dam olish kuni bo‘ladi:
- 31-avgust — olti kun ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 1-sentabr — Mustaqillik bayrami kuni;
- 2-sentabr — ko‘chirilgan dam olish kuni;
- 3-sentabr — barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni.
Bunda, 1-sentabr — O‘zbekiston mustaqilligi kuni 2024-yilda yakshanba — dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan bu dam olish kuni 2-sentabr, dushanba kuniga ko‘chiriladi.
Avvalroq 2024/2025-o‘quv yili oliy ta’lim muassasalarida 9-sentabrdan boshlanishi ma’lum qilingandi. Akademik litseylarda, kasb-hunar maktablarida esa ta’lim jarayonlari 4-sentabrdan boshlanishi belgilandi.
Shuningdek, kollej va texnikumlarning 2- va undan yuqori kurslari uchun 4-sentabr kunidan boshlanadi. Kollej va texnikumlarning 1-kurslari uchun 2024/2025-o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.