“Agalarov Residence” turar-joy majmuasi Fransiya elchixonasi yonida joylashadi. Bu haqda Ozarbayjonning “Agalarov Development” kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov “Instagram"dagi sahifasida ma’lum qildi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rejalashtirilgan obyekt Mirobod tumanidagi Yahyo G‘ulomov ko‘chasida — sobiq harbiy sud hududida joylashtirilishini “Spot"ga tasdiqladi. Biroq shahar hokimligi investitsiya loyihasi uchun yer ajratilishiga oid savolga javob bermadi.
1,98 gektarlik turar-joy majmuasi besh yulduzli “Miran International” mehmonxonasi va “O‘zmilliybank” filiali yonida quriladi. Loyihaga ko‘ra, “Evos” va “Stoloffka” umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, bir nechta binolar buziladi.
“Toshkent markazidagi uchastkada 90 ming kvadrat metr maydonga ega turar-joy majmuasi quriladi. m — 750 xonadon. Barcha kvartiralar to’liq tayyor holatda sotiladi. Eng muhimi, “Sea Breeze“dagi [Bokuda] kabi apart-mehmonxona bo‘ladi”, — dedi Emin Agalarov.
Uning qayd etishicha, loyiha natijasida aholi xonadonlarni sotib olishlari, ularni boshqarishlari hamda ularni ijaraga berish orqali qo‘shimcha daromad olishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, u majmua Toshkentdagi “eng yorqin va ajoyib” ko‘chmas mulk obyektlaridan biri bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Qurilish jarayonlari sentabr oyida boshlanadi. 750 xonadonli premium apart-mehmonxona formatida ishlab chiqilgan loyiha 21 qavatli to‘rtta baland minora va 27 qavatli bosh minorani qurishni nazarda tutadi. Investitsiya loyihasining qiymati $133 mlnni tashkil etadi, hududda “chuqur o‘ylangan infratuzilma, qulay avtoturargoh va obodonlashtirilgan hovli” mavjud bo‘ladi.
Yalpi qurilish maydoni (GBA) 90 ming kv.metr, ijaraga olinadigan bino maydoni (GLA) — 60 ming kv.metr. Shu bilan birga, 5400 kv.metr maydonda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish joylari, gastronomik loyihalar va katta fitnes markazi joylashadi.
O‘tgan hafta, juma kuni prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning biznes vakillari bilan o‘tgan uchrashuvida Mirobod tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Agalarov Residence” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tgandi.
“Agalarov Development” — biznesmen Emin Agalarovning ko‘p tarmoqli kompaniyasi bo‘lib, 10ta biznes yo‘nalishi va 60dan ortiq loyihalarni ishlab chiqadi. Kompaniyaning flagman loyihasi “Sea Breeze” kurort-shahri bo‘lib, allaqachon 2 mln kvadrat metrdan ortiq uy-joy mavjud.