.UZ domeni ma’muriyati domen nomlarini tekshirish uchun AI-yordamchisini ishga tushirdi. Bu haqda “Uzinfocom” integratori xabar berdi.
Ma’muriyat cctld.uz saytida domen nomlarini “aqlli” tarzda tekshirish imkoniyati yaratildi. Yangi funksiya domen nomini tekshirish tizimiga o‘rnatilgan.
Agar foydalanuvchi tanlagan sayt nomi allaqachon band bo‘lsa, sun’iy intellekt yordamchisi shunga o‘xshash nom yoki ma’noga ega bo‘lgan tegishli muqobil variantlar ro‘yxatini taklif etadi.
Masalan, kinoman.uz domen nomiga muqobil sifatida AI-yordamchisi kinokazan.uz, kinomotion.uz, kinohub.uz, kinolook.uz va kinovision.uz variantlarini taklif qildi. Skrinshot: Spot.
“Bu qadam O‘zbekistonda raqamli xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha doimiy faoliyatimizning bir qismidir,” — deya ta’kidlashdi .UZ domen ma’muriyati xodimlari.
Aprel oyida tovar-xom ashyo birjasi “Uzinfocom” integratori bilan domen nomlarining onlayn auksionlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum imzoladi. Domen savdosini yo‘lga qo‘yish uchun veb-sayt va tender mexanizmini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Avvalroq “Uzinfocom” hisobni kuzatish va elektr energiyasi to‘lovini amalga oshirish uchun “HET Billing” mobil ilovasini joriy qilgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq “Spot” “X” ijtimoiy tarmog‘i o‘z domenini o‘zgartirgani haqida yozgandi.
“Twitter.com” domeni endi foydalanuvchilarni yangi manzili bo‘lgan “x.com"ga yo‘naltiradi.