Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Loyiha bilan turli sohalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini taqdirlash tizimini joriy etish maqsadida alohida davlat mukofotini ta’sis etishni nazarda tutadi.
Xususan, mazkur unvonni ta’sis etish va qonun hujjatlarida buning huquqiy asoslarini mustahkamlash, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida"gi va “Davlat mukofotlari to‘g‘risida"gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, eksport qilish va yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchaga namuna bo‘luvchi hamda jamiyat hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan biznes vakillarini tizimli taqdirlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, bu unvonni ta’sis etish orqali yutuqlarga erishgan va jamiyatning ijtimoiy muammolarini hal etishda faol ishtirok etayotgan tadbirkorlarni aniqlash hamda ularni taqdirlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish va biznesga qiziqishni yuksaltirish maqsadiga erishiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi. Hujjat yana Senat tomonidan ma’qullanishi kerak, shundan so‘ng, hujjat prezident tomonidan imzolanadi.
2022-yilning avgustida prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida davlat rahbari biznes vakillari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” unvonini ta’sis etish taklifini bildirgandi.
Shuningdek, o‘sha yildan O‘zbekistonda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. 2024-yilda ham prezident farmoyishi bilan jami 104 nafar biznes vakili mazkur ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.
Ular qatorida “Ermak” savdo belgisi asoschisi Validjan Salixov, “Feed Up” direktori Umid Irgashev hamda “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i tijorat direktori Sherzod Maxmudov kabilar bor.