Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Xalqaro mehnat tashkilotining Haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risidagi Konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqida"gi qonunni uchinchi o‘qishda ma’qulladi
Konvensiyaning asosiy maqsadi — barcha ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan ta’tillarni ta’minlashdan iborat.
Bugungi kunda Konvensiya 38ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ular orasida Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Vengriya, Germaniya, Finlandiya, Chexiya, Shveysariya va Shvetsiya bor.
Qayde tilishicha, O‘zbekistonda xodimlarning mehnat huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash qonun loyihasining maqsad va vazifalari hisoblanadi.
Ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq to‘lanadigan ta’tillardan foydalanish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston XMTning to‘liqsiz ish vaqti to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilayotgani haqida yozgandi.
Hujjat to‘liqsiz ish vaqtida ishlovchilarni ish haqi va ijtimoiy ta’minot sohasida kamsitishlardan himoyalashga qaratilgan.
Joriy yilning fevral oyida Xalqaro mehnat tashkilotining ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qiluvchi qonun ma’qullangandi. Undan keyin, mart oyida prezident tomonidan mazkur qonun qabul qilindi.