Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi bilan ishga qabul qilishda ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Xususan, davlat tashkilotlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, mehnat daftarchalarini hamda jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinmoqda.

“Amalda mazkur hujjatlarni talab qilishga ehtiyoj mavjud bo‘lmasa-da, Mehnat kodeksida bu normalarning saqlanib qolayotganligi ayrim ish beruvchilar tomonidan hujjatlarni talab qilish holati uchramoqda”, — dedi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva.

Shuningdek, loyiha bilan Mehnat kodeksining 11-moddasi “Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonuni bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi”, degan so‘zlar bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, Turdiboyeva loyiha bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda, munosib turmush darajasini ta’minlash zaruratidan kelib chiqish kerakligi ko‘rsatilayotganini qayd etdi.

Xomiladorlik yoki farzandi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra, ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish yoki ularning ish haqini kamaytirishni taqiqlash belgilanmoqda. Amaldagi tartibda faqat ishdan bo‘shatish taqiqlanadi.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlari ta’minlanishida qonunchilik hujjatlarini takomillashtiradi. Mehnat kodeksi bilan yangi qabul qilingan qonunlar va qonunosti hujjatlari muvofiqlashtiriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda buyurtmachini kasanachi va frilanserga bog‘laydigan onlayn platforma tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.