Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalil tushunchasi, ularni aniqlash, to‘plash, taqdim qilish, tekshirish, baho berish, qayd etish hamda saqlash tartiblari, shuningdek, mazkur jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Davron Oripovning qayd etishicha, qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 66-moddaning birinchi qismidagi guvoh huquqlari qatoriga raqamli dalillarni taqdim etish huquqi kiritilmoqda.

“Bu bilan guvohlar o‘zlaridagi bo‘lgan elektron ma’lumotlardan iborat raqamli dalillarni tergov-surushtiruv sudiga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda”, — dedi Davron Oripov.

Shaxsga doir ma’lumotlarni ishonchli himoya qilishni ta’minlash hamda bunday ma’lumotlarning tarqalib ketishini oldini olish maqsadida deputatlar tashabbusi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi 5-qismi ishga aloqador bo‘lmagan dalillar tergov organi va sudning ixtiyorida qolib ketgan bo‘lsa, ular qayta tiklanmaydigan tarzda yo‘q qilinishi lozimligi to‘g‘risida norma bilan to‘ldirilmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksining 161-moddasida tintuv va shaxsiy elektron ma’lumotlarni olib qo‘yish qonun va sudning qaroriga qo‘ra amalga oshirish to‘g‘risidagi 9-qism bilan to‘ldirildi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi protsessual qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga, yangi institutlarni joriy etishga, odil sudlov sifatini oshirishga, sud ish yurituvini yaxshilashga, mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qilishi qayd etildi. Loyiha deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Avvalroq ishga kirishda talab etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Xomiladorlik sabab ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish yoki ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.