O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqiga nisbatan eng qimmat turar joy Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Markaziy bankning 2024-yilning birinchi yarmi bo‘yicha ipoteka kreditlari sharhida keltirilgan.
Xususan, regulyator o‘z hisobotida uy-joy narxlarining aholi xarid qobiliyatiga nisbatini taqdim etdi. Unga ko‘ra, birinchi yarim yillikda 1 kv.metr uy-joy narxining o‘rtacha oylik ish haqidagi nisbati qariyb barcha viloyatda oshdi.
Xarid qobiliyati Samarqand viloyatida 2,65dan 2,67 barobarga, Namanganda 1,54dan 1,86 barobarga hamda Toshkent shahrida 1,53dan 1,84 barobarga qimmatlashgan. Qoraqalpog‘istonda esa bu ko‘rsatkich pasaydi — 1,20dan 1,17gacha.
Birinchi yarim yillikda Toshkent shahrida 1 kv.metr uy-joylarning o‘rtacha narxi o‘rtacha oylik ish haqining 1,84 baravarini (15,6 mln so‘m), shahar bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan umumiy daromadning 0,54 (28,7 mln so‘m) baravarini tashkil etdi.
O‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan xarid qobiliyati bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda joylashgan Toshkent viloyatida 1 kv.metr uy-joy xarid qilishning ish haqiga nisbati 1,62dan 1,79 barobarga oshdi.
Uy-joy narxining aholi jon boshiga nominal YIM va aholi jon boshiga umumiy daromadlariga nisbatan yuqori nomutanosibligi Samarqand viloyatida saqlanib qolmoqda. Bundan tashqari, viloyatda 1 kv.metr uy-joy xarid qilish qobiliyati o‘rtacha oylik ish haqining 2,67 baravari — 10,23 mln so‘mni tashkil etadi.
Bu davrda o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan uy-joy narxlarining eng past ko‘rsatkichi Navoiy viloyatiga to‘g‘ri keldi. Viloyatda uy-joy narxining o‘rtacha oylik ish haqidagi nisbati 1,15 baravarni tashkil etdi.
Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli o‘zgargan. O‘z navbatida, aholi jon boshiga viloyat umumiy daromadlariga nisbati 0,46 barobarga to‘g‘ri keldi.
Iyul oyida Toshkentda ijaraning o‘rtacha narxi 1 kv.metri uchun $8,2ni tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4%ga kamaygan.
Shu bilan birga, poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan uylar uchun ijara narxlari o‘rtacha 0,7%ga pasaydi, biroq, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha 0,3%ga oshgan.