Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Farg‘ona politexnika institutida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ko‘rib chiqildi. Olimlarning aniqlashicha, bitta “Logon” podstansiyasida yillik yo‘qotish 5 mln kilovatt soatni tashkil qiladi. Bu — tabiiy yo‘qotish uchun belgilangan me’yordan 1,5 baravar ko‘p.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur podstansiyadan elektr oladigan 113 ta transformatordagi yuklamani teng taqsimlash orqali 765 ming kilovatt soat yo‘qotishning oldini olish mumkin.

Yoki suv nasoslariga xizmat ko‘rsatuvchi 44ta transformatorga reaktiv quvvat batareyalari o‘rnatilsa, yo‘qotish yiliga 1,1 mln kilovatt soatga kamayadi, xarajat bir yilda o‘zini oqlaydi.

Umuman, Farg‘ona tumanidagi 14ta podstansiyada 15,5 mln kilovatt soat yoki yiliga o‘rtacha 6 mlrd so‘mlik ortiqcha yo‘qotish hisob-kitob qilingan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning gazni tejash borasidagi tajribasi ham muhokama qilindi.

95 ming oilaga samarali gaz gorelkalari o‘rnatilib, isitish tizimi izolyatsiya qilingani 145 mln kub metr gazni tejash imkonini berdi, yana 16 ming xonadonda ishlanganidan keyin bunga 20 million kub metr gaz qo‘shiladi.

Davlat rahbari 1 mln xonadonda isitish tizimini yangilash bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, u yirik gaz iste’molchilariga alohida e’tibor qaratishga chaqirib, ularning atigi 25%ida energiya tejovchi yechimlar joriy etilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, yirik gaz iste’molchisi bo‘lgan korxonalarda ilmiy-texnik asoslar bilan energiya tejamkor texnologiyalar o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Joriy yilda aholi uchun 182 MVt, tadbirkorlik uchun 791 MVt muqobil energiya manbalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Prezident ayrim sohalarda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarni qattiq ogohlantirdi.


Avvalroq “Spot” O‘zenergoinspeksiya Energetika vazirligidan hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi haqida yozgandi.

Inspeksiya energetika auditorlariga malaka sertifikatlarini berish va nazoratni raqamlashtirish bilan shug‘ullanadi.