Joriy yilning 25-avgust kuni Toshkentda Qozog‘istonning “galmart” riteyleri birinchi supermarketining texnik ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Supermarketning rasmiy ochilishi sentabr oyi oxiriga rejalashtirilgan, biroq do‘kon allaqachon tashrif buyuruvchilarni qabul qila boshlagan.
Do‘kon formati premium segmentda oilaviy xarid qilishga qaratilgan. Supermarket dushanbadan payshanbagacha — 10:00dan 23:00gacha, jumadan yakshanbagacha esa 10:00dan 00:00gacha ishlaydi.
“CMWP” konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, supermarket “Tashkent City Mall"dagi 6 ming kvadrat metrga yaqin maydonni egallaydi. “galmart” keng assortimentdagi mahsulotlarni, jumladan, tayyor hamda brend nomi ostidagi taomlarni taklif etadi.
“Ushbu loyihaning ishga tushirilishi Toshkent aholisining iste’mol istaklari asta-sekin o‘zgarayotganini, tovarlar va do‘kon formatlarining keng tanloviga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi va, albatta, xizmat ko‘rsatish, umuman, savdo sohasi uchun yangi standartlarni belgilaydi”, — dedi yangi do‘konga tashrif buyurgan “CMWP” eksperti Amal Xaitov.
Toshkentdagi “galmart” supermarketlar tarmog‘ining o‘n birinchi va Qozog‘istondan tashqaridagi birinchi nuqtasi bo‘ldi. Tarmoqning O‘zbekiston bozoriga kirishi haqidagi ma’lumotlar ilk bor 2023-yil avgustida paydo bo‘lgandi.
Avvalroq Niderlandiyaning “Spar” supermarketlar tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga 2024-yilda kirishi haqida xabar berilgandi.