Ispaniyaning “Iberojet” aviakompaniyasi Madriddan Toshkent va Urganchga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Aviakompaniyaning Madriddan Toshkentga birinchi reysi 2024-yil 2-sentabrga, Urganchga esa 2024-yil 8-sentabrga belgilangan.
Parvozlar ikki haftada bir marta “Airbus A330” samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“Iberojet” — bosh qarorgohi Madridda joylashgan yo‘lovchi charter reyslarini amalga oshirishga ixtisoslashgan Ispaniya aviakompaniyasi.
Avvalroq Ispaniyaning “World2Fly” aviakompniyasi 23-maydan Madrid-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishi xabar berilgandi.
Ispaniyadan O‘zbekistonga charter reyslar may-iyun va sentabr-oktabr oylarida amalga oshiriladi.
Yanvar oyida “World2Meet” turoperatori Ispaniyadan O‘zbekistonga charter reyslari yo‘lga qo‘yilganini e’lon qildi.
“World2Fly” bortida parvozlarning boshlang‘ich bosqichi 8-may kuni ochilishi va 12-iyun kuni yakunlanishi rejalashtirilgan edi.
“Kannak” sayyohlik kompaniyasi direktori Karlos Florido charter reyslar doirasida kompaniya O‘zbekistonga sayyohlik yo‘nalishini ishlab chiqqanini ta’kidladi.
Uning o‘ziga xosligi shundaki, u chiziqli, ya’ni Urganchda boshlanib, Toshkentda tugaydi yoki aksincha.
Bir hafta davomida yo‘nalish O‘zbekiston hududi va to‘rtta shahar — Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent bo‘ylab ming kilometrga yaqin masofani bosib o‘tadi. Respublika bo‘ylab sayohat avtobuslarda amalga oshiriladi.
Avvalroq “Spot” “Qanot Sharq” mart oyidan Toshkent va Madrid o‘rtasida parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
Ikki shahar o‘rtasidagi reyslar haftada bir marta “Airbus A321neo” samolyotida amalga oshiriladi.