Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun “Ipak Yo‘li” bankini jarimaga tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Ipak Yo‘li” tomonidan e’lon qilingan “Universal” va “Milliy” nomli omonat turlari reklamasida “Universal” omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 22%, “Milliy” omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 25% ekanligi haqida axborotlar berilganligi kuzatildi.
Shuningdek, bankning rasmiy saytida “Universal” omonat turi bo‘yicha omonatga qo‘yilgan mablag‘lar bo‘yicha yilning dastlabki 6 oyi uchun depozit hisobraqamlari yopilishi muddatiga qarab yillik 14% stavka va yilning keyingi 6 oyi uchun 18% stavka bo‘yicha qayta hisoblab chiqilishi haqida ma’lumot ko‘rsatib o‘tilgan.
Ammo yuqorida keltirib o‘tilgan reklama vositalarida “Universal” nomli omonat turi haqidagi boshqa muhim ma’lumotlar to‘liq berilmaganligi holati aniqlandi.
Natijada qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16 va 43-moddalari va “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 6-moddasi talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Ipak Yo‘li"ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi hamda qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Ipotekabank"ga nisbatan ish qo‘zg‘atgandi. Undan keyin qo‘mita bankni nomaqbul reklamaga yo‘l qo‘ygan deb topib, jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qildi.