Magistratura qabul natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
2024/2025-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga qabul bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning arizalari to‘liq ko‘rib chiqildi.
Talabgorlar natijalarini magistr.edu.uz elektron tizimi orqali shaxsiy kabinetidan bilishlari mumkin.
Magistraturaga qabul jarayoni 1-iyuldan boshlanib, arizalar 30-iyulgacha qabul qilindi. Hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy magistr.edu.uz platformasi orqali amalga oshirildi. Undan keyin magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati tasdiqlandi.
Bu yil mamlakat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga o‘qishga qabul qilish parametri bo‘yicha jami 17 500ta kvota belgilandi. Shundan 9 365tasi davlat granti, 8 135tasi esa to‘lov-shartnoma asosida taqsimlandi.