Rossiya parlament a’zolari mehnat muhojirlari uchun mamlakatdan qaytish chiptasi uchun oldindan pul yig‘ish majburiyatini joriy etishni taklif qilmoqda. Bu haqda tashabbus mualliflaridan biri, senator Vadim Dengin “Parlamentskaya Gazeta” nashriga ma’lum qildi.

“Hozirda senatorlar va men bunday tashabbusni ishlab chiqmoqdamiz. Bizga kelgan muhojirning maxsus hisobida bo‘lishi kerak bo‘lgan miqdor — bu chet ellik o‘z mamlakatiga mehnat patenti yoki shartnomasi muddati tugaganligi sababli qaytarilgan taqdirda, shuningdek, muhojir noqonuniy xatti-harakatlar uchun Rossiyadan tashqariga chiqarilganda talab qilinadigan aviachipta narxi”, — dedi Dengin.

Senatorning qayd etishicha, bu summani hisob raqamiga nafaqat mehnat muhojiri, balki u kelgan davlat ham kiritishi mumkin.

“Biz ushbu tashabbusni yil oxirigacha Davlat Dumasiga kiritish uchun ishlab chiqishga harakat qilamiz, bundan oldin uni Rossiya hukumatida kelishib oldik”, — dedi Dengin.

Ushbu tashabbus Federatsiya Kengashida muhokama qilinmoqda. Rossiya matbuotiga ko‘ra, u allaqachon Inson huquqlari kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar “jinoyatchilik darajasining o‘sishi fonida” paydo bo‘ladi.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin muhojirlarga qarshi bir qator qonun loyihalarini imzolagan edi. Unga ko‘ra, endi politsiya muhojirlarni sud qarorisiz chiqarib yuborishi mumkin bo‘ladi.

Imzolangan hujjatda “deportatsiya rejimi” haqida so‘z boradi. Ta’kidlanishicha, qonunbuzarlik qiluvchi migrantlar maxsus “nazorat qilinadigan shaxslar reyestri"ga kiritiladi.


Avvalroq “Spot” Rossiyada migrantlarga 30%gacha daromad solig‘i joriy qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.

Tegishli qonun loyihasi Leonid Slutskiy boshchiligidagi LDPR fraksiyasi tomonidan tayyorlangan va 5-avgust kuni tasdiqlash uchun hukumatga yuborilgan.