28-avgust kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi qonuniga yangi talablar kiritilmoqda.
Elektr va gaz uchun majburiy to‘lovlarni undirish to‘g‘risidagi ariza vakolatli organga yoki mansabdor shaxsga berilgunigacha qarzdor energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganligini tasdiqlovchi hujjatlar ijro hujjatlariga ilova qilinishi kerak. Bu talab bajarilmasa, davlat ijrochisi ijro hujjatini qaytaradi.
Shuningdek, jismoniy shaxslardan pochta xarajatlarini undirish to‘g‘risidagi sud hujjatlariga nisbatan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, Fuqarolik protsessual kodeksiga ham qo‘shimcha talablar kiritildi. Unga ko‘ra, elektr energiyasi yoki tabiiy gaz uchun qarzdorlikni undirish haqidagi sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizaga kompaniya quyidagilarni ilova qilishi kerak:
- iste’molchi bilan tuzilgan shartnoma;
- penya hisoblanishi haqidagi ma’lumot va tegishli tarmoqlardan uzish to‘g‘risidagi ogohlantirish ko‘rsatilgan, qarzni to‘lash haqidagi talabnoma;
- qarzdorga to‘lov talabnomasi yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat;
- iste’molchi tegishli energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Avvalroq elektr va gaz uchun tariflar kamida 3 yil muddatga tasdiqlanishi haqida xabar berilgandi. Narxlar ularni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash xarajatlaridan, shuningdek, kapital xarajatlarni qoplashni hisobga olgan holda belgilanadi.