Yo‘l harakati bilan bog‘liq noto‘g‘ri chiqarilgan qaror yuzasidan shikoyat yo‘llash tartibi osonlashtirilmoqda. Bu haqda Yagona portal matbout xizmati xabar berdi.
Endilikda yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq chiqarilgan qaror va xabarnomalar bo‘yicha e’tirozni onlayn bildirish mumkin.
Xizmatdan Yagona portal yoki uning mobil ilovasi orqali jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishlari mumkin. Ariza beruvchi portalda ro‘yxatdan yoki avtorizatsiyadan o‘tadi va so‘rov yuboradi.
Qidiruv tizimiga “Yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan chiqarilgan qaror va yuboriladigan xabarnomalar yuzasidan murojaat yuborish” kalit so‘zlarini kiritgach, kerakli sahifa ochiladi. “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish orqali arizalar jo‘natiladi.
Bunda xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, hech qanday hujjat talab etilmaydi. Arizalar 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi hamda vakolatli organ tomonidan ma’lumotlar tekshiriladi.
Ariza qanoatlantirilganligi yoki rad etilganligi yuzasidan Yagona portal orqali ariza beruvchiga elektron shakldagi ma’lumotnoma taqdim etiladi.
Mazkur xizmat hozirda sinov tariqasida ishlamoqda hamda undan 1-sentabrdan boshlab to‘liq foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Asossiz tuzilgan bayonnoma yuzasidan IIV YHXXga dalillar ilova qilingan holda elektron ariza yuborish funksiyasini ishga tushirish Vazirlar Mahkamasining 3-iyuldagi qarorida nazarda tutilgan.