Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish va samaradorlikni oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Joriy yilning 7 oyida sanoat hajmi 7,1%ga o‘sib, 435 trln so‘mga yetdi. Elektr texnikasi, to‘qimachilik, charm va avtomobil sanoatida yuqori o‘sish kuzatildi. Joylarda 1,3 mingta yangi quvvatlar ishga tushirilib, qo‘shimcha 40 trln so‘mlik ishlab chiqarish manbasi yaratildi.
Yig‘ilishda hamma hudud va tarmoqda ishlar birdek emasligi qayd etildi. Xususan, 4ta tumanda sanoat hajmi o‘tgan yilgiga nisbatan kamaygan, 14tasida esa o‘sish 2%ga ham yetmaydi.
Bundan tashqari, 206ta korxonada ishlab chiqarish susaygan. 3 mingta korxona elektr energiyasi va gaz sarflaganiga qaramay, statistika va soliq hisobotida mahsulot ko‘rsatilmagan.
“Sanoat korxonalari bilan ishlashuvchi tizim kunlik korxona monitoringini amalga oshirib, ularning muammo va yechimlari bo‘yicha „korxonabay“ ko‘mak berib boriladi”, — dedi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafoyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Hududlardagi korxonalar o‘rganilib, muammolari hal qilindi. Xususan, aylanma mablag‘, elektr va gaz ta’minoti, soliq masalalari bo‘yicha ko‘maklashildi.
Yil yakunigacha 30 trln so‘mlik qo‘shimcha ishlab chiqarishni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Buning uchun ishchilar sonidan kelib chiqib, korxonalarga mas’ullarni biriktirish, tadbirkorlarni yangi yondashuvlarga o‘qitish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Har bir viloyatning sanoatga ixtisoslashgan tumanlari bo‘yicha mikrodastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Soliq, statistika hamda energiya iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qiluvchi elektron platforma yaratish topshirildi.
Yirik loyihalarni ishga tushirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Avvalroq prezident qarori bilan hududlarda sanoat korxonalari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi. Buning uchun tuman va shaharlarda hokimning birinchi o‘rinbosari boshchiligida ayrim tashkilotlar rahbarlari bilan hududiy shtablar tashkil etiladi.