Qozog‘iston O‘zbekistonning tranzit imkoniyatlaridan foydalangan holda Tojikistondan elektr energiyasi importini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qozog‘iston energetika vaziri Tojikiston hukumati va energetika vazirligi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda Qozog‘istonga elektr energiyasini eksport qilishning texnik parametrlari va tijorat shartlari muhokama qilindi.
Mazkur loyihani amalga oshirish tranzit imkoniyatlari va O‘zbekiston orqali elektr energiyasini o‘tkazishning kelishilgan rejimlariga bog‘liq bo‘ladi.
2023-yilda Qozog‘iston va Tojikiston 2023−2032-yillarda Rog‘un GESidan elektr energiyasi yetkazib berishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.
Rog‘un GESi — Tojikistondagi Vaxsh daryosida qurilayotgan gidroelektr stansiyasi, Vaxsh kaskadiga kiruvchi, uning yuqori bosqichi hisoblanadi. Umumiy qiymati $2,2 mlrd bo‘lgan GES qurilishini 2029-yilda yakunlash rejalashtirilgan.
2018-yilda O‘zbekiston Rog‘un GESi qurilishida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqdi, biroq yakuniy qaror qabul qilinmadi. Shuningdek, 2022-yilda hukumat yoz mavsumida Rog‘un GESidan elektr energiyasi sotib olish niyatini bildirdi.
Avvalroq prezident Namanganda $1,1 mlrdlik uchta elektr stansiyasi qurilishini boshlab bergani haqida xabar berilgandi.