Navoiy viloyatining Konimex tumanida “Yurt Camp Sputnik Navoi” o‘tovli oromgohi ochildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistondagi birinchi safari turizm klasteri olis cho‘l hududidagi 2 gektar maydonda tashkil etilgan. Oromgoh joylashuv jihatidan qulay hududda tashkil etilgan bo‘lib, sifatli asbob-uskunalar jihozlangan.
Turizm obyektida bir vaqtning o‘zida 500 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega hamda hududda 150 o‘ringa mo‘ljallangan 30ta o‘tov qurilgan.
“Bu esa, o‘z navbatida, dam oluvchilarning xavfsizligini ta’minlash va ularga qulay sharoit yaratishga qaratilganligi, zamonaviy usullarda bunyod etilganligi bilan nafaqat mahalliy balki xorijiy sayyohlarni ham jalb etmoqda”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Shuningdek, Navoiy viloyatida tashkil etilgan o‘tovli oromgohlar hamda safari turizm obyektlari kattaligi va soni jihatdan O‘zbekistonda birinchi o‘rinda turishi qayd etilmoqda. Viloyatda jami 855 o‘ringa ega 7ta o‘tov lagerlar faoliyat yuritadi.
Yil boshida prezident qarori bilan ekohududlarda joylashgan yerlar turistik klasterlar tashkil etish uchun ijaraga berilishi ma’lum qilingandi. 2027-yilgacha cho‘l hududlarida kurort zonalarni va tematik xiyobonlarni tashkil qilgan tadbirkorlarga foyda, yer va mol-mulk soliqlari 50%ga kamaytiriladi.
Bundan tashqari, 1-sentabrdan safari parklar va ov turizmini tashkil qilgan ovchilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Ovchilik xo‘jaliklari uchun yer uchastkalari onlayn-auksion orqali 49 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.