2024/2025-o‘quv yili qabulida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining minimal miqdori tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, o‘tish baliga 4,05 balldan ortiq yetmagan, 56,7 balldan kam to‘plamagan hamda qo‘shimcha ravishda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar birinchi o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga nisbatan super-kontrakt qiymatini to‘lagan holda o‘qishlari mumkin.
Bunda, super-kontrakt miqdori yo‘nalishlarga qarab farqlanadi. Eng maqbul yo‘nalishlarga arxeologiya, kimyo, geografiya, fizika, matematika, energetika muhandisligi kabilar kiradi. Bu yo‘nalishlarda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdori bazaviy kontrakt miqdorining 6 baravarini (44,4 mln so‘m) tashkil etadi.
Eng “qimmat” sohalarga yurisprudensiya hamda davlat va jamiyat boshqaruvi kiradi. Abituriyentlar bazaviy kontrakt miqdorining 19 baravarini — 213,75 mln so‘m to‘lashlari kerak.
Shuningdek, stomatologiya, davolash ishi hamda pediatriya yo‘nalishlarida shartnoma qiymatining 15 barobari (157,5 mln so‘m) undiriladi. Fundamental tibbiyot, farmatsiya va sanoat farmatsiyasi sohalari bo‘yicha super kontrakt bazaviy kontraktning 13 baravarini (136,5 mln so‘m) tashkil etadi.
Barcha yo‘nalishlar hamda super-kontrakt miqdorlari bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.
Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatini joriy yilning 15-oktabrigacha to‘liq to‘lagan abituriyentlarga 10%lik chegirma beriladi.
Iyul oyi oxirida 2024/2025-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi. Kontrakt miqdori o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 15%ga oshirildi.
Eng qulay yo‘nalishlar uchun narx 6,41 mln so‘mdan 7,4 mln so‘mga oshdi. Eng “qimmat” sohalarda o‘qitish qiymati 9,8 mln so‘mdan 11,25 mln so‘mga oshgan.
Avvalroq to‘lov-shartnomasini olish uchun onlayn arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi. Arizalarni kontrakt.edu.uz tizimi hamda mobil ilova orqali jo‘natish mumkin.