29-avgust kuni Termiz shahrida “Termiz xalqaro savdo markazi"ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hukumat matbout xizmati xabar berdi.
Bosh vazir Abdulla Aripov, Afg‘oniston Bosh vaziri v.b. Abdul G‘ani Barodar, Ozarbayjon Bosh vaziri o‘rinbosari Shaxin Mustafayev, Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Nazarbek Malayev hamda Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Qayrat Torebayev kabilar ishtirok etgan tadbirda mintaqa davlatlari bilan qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari markaz mintaqada savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylanishiga ishonch bildirdi.
Afg‘oniston fuqarolari savdo-sotiq, ta’lim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Majmua hududida “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi va “Akfa Medline” klinikasi joylashgan.
Majmua qurilishi 2021-yilda ma’lum bo‘lgan. Prezidentga taqdim etilgan loyiha bosh rejasida markazning yillik savdo aylanmasi $500 mln, xizmatlar hajmi $10 mln bo‘lishi hisob-kitob qilingan.
Xalqaro savdo markazi 1800ta chakana savdo shoxobchasi, logistika markazi, 400 o‘rinli ikkita mehmonxonani, kasalxonalarni va avtoulovlarga xizmat ko‘rsatish punktlarini o‘z ichiga oladi.
Joriy yilning may oyida erkin savdo zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. O‘zbekistonlik tadbirkorlarga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmaganlarni mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston va chet el fuqarolari markazga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kiritiladi. Xorijliklarga 15 kungacha markaz hududida bo‘lishlariga ruxsat beriladi. Bundan ortiqroq kunlar uchun viza talab qilinadi.
Afg‘oniston va Pokiston fuqarolari savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan bino va inshootlarni ijaraga olishlari va mulk huquqi bilan sotib olishlari mumkin bo‘ladi. To‘lov vositasi sifatida o‘zbek so‘mi bilan birga dollar, yevro, rubl va yuanni qabul qilinadi.
Avvalroq Xayraton-Naibobod-Mazari-Sharif temir yo‘l liniyasi rekonstruksiya qilingani haqida xabar berilgandi. Afg‘onistonda qayta tiklangan Naibobod temir yo‘l stansiyasi ochildi.