Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda “UzAuto Motors” avtomobillari sotiluvchi “Chevrolet"ning birinchi rasmiy dilerlik markazi ochildi. Bu haqda “UzAuto Motors” matbout xizmati xabar berdi.
Rasmiy dileri Ulan-Batorda joylashgan “Doctor Auto Chain” mahalliy kompaniyasi bo‘lib, u avtomobillarni sotish va texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Unga “Chevrolet” brendining Mo‘g‘ulistondagi rasmiy dilerligini tasdiqlovchi maxsus sertifikat topshirildi.
“Mo‘g‘uliston bozorining kengayishi „Chevrolet“ brendiga bo‘lgan ishonchning aksi va O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatida eksport salohiyatining jadal rivojlanayotganini tasdiqlaydi”, — dedi “UzAuto Motors” kompaniyasining savdo va avtoservis bo‘yicha boshqaruvchi direktori O‘lmasbek Alimov.
Markazning ochilish marosimida “Chevrolet Cobalt” avtomobili taqdim etilib, ilk xaridoriga topshirildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, markazda servis xizmatlaridan foydalanish, ehtiyot qismlar va aksessuarlarni xarid qilish hamda avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish mumkin.
Bundan tashqari, “UzAuto Motors” Gruziyaga navbatdagi “Chevrolet Cobalt” va “Tracker” avtomobillar partiyasini jo‘natdi.
Joriy yilning 25-sentabr kuni “Strada Motors” rasmiy dileri Tbilisida yangi avtosalonini ochishi kutilmoqda.
Mahalliy yengil avtomobillar allaqachon yettita bozorda, jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya va Mo‘g‘ulistonda mavjud.
O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida kompaniya 2024-yilga mo‘ljallangan butun hajm uchun 171 ming dona “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun shartnoma tuzdi. Bundan tashqari, bahorda 42 ming dona Labo LB2 Plus va Damas mashinalarini onlayn sotuvga qo‘yib, bir soatdan kamroq vaqt ichida shartnoma tuzdi.
Iyun oyida 25 ming dona “Cobalt” uchun onlayn kontraktatsiyani ochdi. Taklif etilgan barcha hajm uchun 9−10 soat ichida shartnoma tuzildi. Shuningdek, 5-iyul hamda 17-iyul kunlari ham to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan “Cobalt” uchun kontraktatsiya ochildi.
Avvalroq “UzAuto Motors” foydasi 65%ga oshgani haqida xabar berilgandi. Shunga qaramay, avtokonsern aktivlari 11,8%ga kamayib, 32 trln so‘mdan pastga tushdi.