Raqobat qo‘mitasi “O‘zbekneftgaz"ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan poytaxtda o‘tkazilayotgan davlat xaridlarida qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoring o‘tkazilmoqda. Bunda elektron maxsus axborot portallaridagi ma’lumotlar o‘rganilmoqda.
O‘rganishlarda “O‘zbekneftgaz” tomonidan o‘tkazilgan 2ta jami 4,8 mlrd so‘mga yaqin eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi talablari buzilganligi alomatlari aniqlandi. Mazkur modda savdolardagi raqobatni cheklashga qarshi talablarni belgilaydi.
Natijada “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilishi alomatlari bilan aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Qayd etilishicha, qo‘zg‘atilgan ish o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingandan so‘ng qo‘shimcha axborot beriladi.
Avvalroq reklama qonunchiligini buzgani uchun “Ipak Yo‘li” banki jarimaga tortilgandi. Bank omonatlarga oid reklamada omonat turi haqidagi muhim ma’lumotlarni to‘liq bermaganligi aniqlandi.