“Dodo Pizza” brendi va boshqa franshizalargaa egalik qiluvchi “Dodo Brands” kompaniyasi o‘z rahbarini almashtirmoqda. Bu haqda uning asoschisi Fedor Ovchinnikov ma’lum qildi.
“Alena Tixova „Dodo Brands“ bosh direktori lavozimini tark etishga qaror qildi. Dmitriy Solovyov yangi bosh direktorga aylanadi”, — deb yozdi u “Telegram"dagi blogida.
Dmitriy Solovyov 2018-yilda kompaniyada ishlay boshlagan va “Dodo Pizza” kompaniyasining Yevroosiyo mamlakatlari — Rossiya, Belarus va Qozog‘iston uchun moliya direktori lavozimini egallagan. 2022-yil oktabr oyidan boshlab ushbu bo‘linma rahbari bo‘ldi.
Ovchinnikov 2023-yil boshida “Dodo Pizza” bosh direktori lavozimidan ketishini e’lon qildi va bu kompaniyaning mustaqil rivojlanishiga imkon berishini aytdi. Ketganidan so‘ng, u biznesini muvaffaqiyatli qilgan tushunchalar haqida kitob yozishni rejalashtirmoqda.
2023-yilning iyul oyida tadbirkor ilgari AQShda “Dodo Pizza” ishlab chiqarishda ishlagan Alena Tixovani yangi rahbar sifatida tanishtirdi. Tixova 1-yanvardan rasman o‘z lavozimiga kirishdi.
2022-yil oxirida “Dodo Pizza” tarmog‘i umumiy daromadi $866 mlnni tashkil etgan 880ta pitseriyadan iborat bo‘lib, ularning asosiy qismi Rossiyada joylashgan, yana 15 davlatda — Germaniya, Ruminiya, Qozog‘iston va boshqalarda joylashgan. “Dodo Brands” Buyuk Britaniyadagi biznesini 2023-yilning yozida sotdi.
O‘tgan yilning kuzida “Dodo Brands” xalqaro ofisini Dubayga ko‘chirayotgani ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning yanvar oyida kompaniyaning moliyaviy direktori Lina Naumova xolding tuzilmasi Britaniya Virjiniya orollaridan Qozog‘istonga redomilitasiya qilinishini e’lon qildi.
Ayni paytda Toshkent shahrida 9ta, Farg‘onada yana bitta “Dodo pizza” faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistondagi tarmoq direktori Akmal Raimovning aytishicha, kompaniya poytaxtdagi savdo nuqtalari sonini 17taga yetkazishni, Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda pitseriya ochishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq “Spot” Akmal Raimovdan “Dodo Pizza” O‘zbekistonda qanday faoliyat yuritishi haqida intervyu olgandi.