O‘zbek so‘mi yoz oylarida birinchi marta AQSh dollariga nisbatan arzonlashdi. Bu haqda “Spot” o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etilgan.
Avgust oyida milliy valyutaning zaiflashuvi 80,9 so‘mni yoki 0,64%ni tashkil etdi — 12 625,01 so‘mgacha. O‘tgan oy davomida dollar asta-sekin qimmatlashgan bo‘lsa, so‘nggi kunlarda u sezilarli darajada tushib, 63 so‘mni yo‘qotdi.
Sakkiz oy yakunlari bo‘yicha o‘zbek so‘mi atigi 2,2%ga qadrsizlandi.
O‘tgan ikki oyda milliy valyuta 58 so‘mdan ortiqqa mustahkamlangandi.
Shu bilan birga, yanvar-iyul oylarida iste’mol narxlari qariyb 5%ga oshdi, bu esa so‘mning real ayirboshlash kursi mustahkamlanganini bildiradi. Kuchli milliy valyuta sharoitida import arzonlashadi, eksport esa kamroq jozibador bo‘ladi.
Ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik xarakterga ega bo‘ldi. Milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlovchi omillar qatorida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari bor.
Yil oxirigacha tahlilchilar tashqi savdo taqchilligining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining qisqarishi tufayli milliy valyutaning zaiflashuvi tezlashishini kutmoqda.
Avvalroq Mustaqillik bayramida dam olish kunlari qaysi banklar ishlashi haqida xabar berilgandi.