E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan. Aniq ma’lumotga ega bo‘lish uchun “Spot” to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank bilan bog‘lanishni tavsiya qiladi.


“Spot” talabalar uchun banklardagi ta’lim kreditlari haqida ma’lumotlarni va uni olish shartlarini o‘rganib chiqdi.

Maqola nashr qilingan vaqtda mavjud 35ta bankdan 7tasida talabalar uchun ta’lim kreditlari ajratilmoqda.

Banklar kredit mablag‘larini 7 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatga, to‘lov-kontrakt shartnomasi summasidan kelib chiqqan holda berishadi.

Kreditning foiz stavkasi Markaziy Bankning amaldagi asosiy stavkasi (hozirda 13,5%) doirasida hisoblanadi.

Xotin-qizlarga ajratilgan ta’lim krediti bo‘yicha foizlarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan so‘ndiriladi.

Joriy yilda 27-mayda oliy va professional ta’lim tashkilotlari talabalari va o‘quvchilariga budjet mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditini ajratish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.

Ta’lim krediti OTMlarning birinchi bosqich talabalari va PTTlar o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida taqdim etiladi.

Ta’lim kreditining talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab (ya'ni olti oy o‘tib) 7 yil davomida qaytariladi.

Rasmiylashtirish

Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar quyidagilar:

  • pasport;
  • qarz oluvchining oxirgi 12 oy mobaynidagi moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar (jamg‘arib boriladigan pensiya taʼminoti tizimi orqali aniqlanadi);
  • talaba va oliy o‘quv yurti o‘rtasida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan taʼlim shartnomasi;
  • birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashuvchi jismoniy shaxslarga doir hujjatlar;
  • krеdit qaytarilishi ta’minotiga doir hujjatlar.

Ro‘yxat alifbo tartibida tuzilgan va banklarni tartiblamaydi. Ma’lumotlar banklarning rasmiy saytlari va call-markazlaridan olindi.

Bank nomi
Yillik stavka
Berilish muddati
Asakabank
13,5%
7,5 yil
Agrobank
13,5%
7 yil
Biznesni rivojlantirish banki
13,5%
11 yil
Hamkorbank
13,5%
7 yil
Mikrokreditbank
13,5%
15 yil
Turonbank
13,5%
7,5 yil
O‘zsanoatqurilishbank
13,5%
11 yil

2023-yilning martida talabalarga ta’lim kreditini onlayn ajratish xizmati ishga tushirilishi ma’lum bo‘lgandi.

Avvalroq prezident farmoni bilan davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilangandi.