Joriy yilning yanvar-avgust oylarida Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish hajmini ikki barobarga oshirdi. Bu haqda shuba korxonalar va tashkilotlar rahbarlari bilan o‘tgan uchrashuvda kompaniya rahbari Aleksey Miller ma’lum qildi, deya xabar berdi “TASS” nashri.
“Bu respublikalar iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan juda jadal rivojlanmoqda va bu biz uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Birgina yanvar-avgust oylarida, sakkiz oy ichida biz mazkur mintaqaga gaz yetkazib berishni ikki baravar oshirdik”, — dedi Miller Markaziy Osiyo mamlakatlarida energiya iste’moli juda yuqori sur’atlarda o‘sib borayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonga gaz yetkazib berish yuqori darajada davom etmoqda.
“Masalan, hozirda O‘zbekistonga gaz yetkazib berish bo‘yicha biz qanoatlantirayotgan arizalar „Markaziy Osiyo — Markaz“ gaz quvuri orqali texnik jihatdan mumkin bo‘lgan eng yuqori darajada yetkazib berilmoqda. Qish darajasida. O‘tgan qishda O‘zbekistonga anomal darajada sovuq bo‘lgan vaqtdagi gaz yetkazib bergan darajada”, — deya qayd etdi u.
Shuningdek, Miller Qirg‘izistonda gazlashtirish darajasi ikki baravar oshganini ta’kidlab, “Gazprom Qirg‘iziston” kompaniyasining o‘n yillik faoliyati natijalarini “juda-juda yaxshi” deb baholadi.
Iyun oyida “Gazprom” Qirg‘izistonga, shuningdek, Qozog‘iston bilan 2025−2040 yillarga mo‘ljallangan Rossiya gazini O‘zbekiston va Qirg‘iziston yo‘nalishida tranzit qilish bo‘yicha gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolagandi.
Tranzitni ta’minlash uchun “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvurlari tizimiga asoslangan maxsus ajratilgan yo‘nalish kengaytiriladi, Qozog‘istonning gaz tashish salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha boshqa loyihalar amalga oshiriladi.
2023-yilning iyun oyida O‘zbekiston “Gazprom” bilan ikki yillik gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Kunlik yetkazib berish hajmi 9 mln kub metrni, yillik hajmi esa qariyb 2,8 mlrd kub metrni tashkil etadi. Shartnoma bo‘yicha yetkazib berish 7-oktabrdan boshlandi.
Noyabr oyi boshida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller O‘zbekiston va Rossiya 15 yilga gaz bo‘yicha shartnoma tuzishni rejalashtirayotganini aytgandi. 2025-yilda “Gazprom” kompaniyasi O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini to‘rt barobarga oshiradi.