Professional ta’lim muassasalarining yakuniy tanlov natijalari e’lon qilindi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

2024−2025-o‘quv yili uchun kollej yoki texnikumga kirish test sinovlari bo‘yicha mandat natijalarini my.uzbmb.uz sayti orqali olish mumkin.

Buning uchun abituryentlar saytga shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritishlari kerak.

18-avgustdan professional ta’lim muassasalariga tanlov boshlangandi. Oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 27-avgustgacha kollej yoki texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari lozim edi.

Joriy o‘quv yilida davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkazildi.

Bunda abituriyentlar testni 1 marotaba topshiradi va to‘plagan bali bilan dastlab oliygohga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. Agar bali OTMga yetmay qolsa, professional ta’lim tashkilotiga kirish uchun qatnashishi mumkin bo‘ladi.

Avvalroq super kontrakt miqdori tasdiqlangandi. Ularning qiymati yo‘nalishiga qarab, bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 6 baravaridan 19 baravarigachani tashkil etadi.