Bayram kunlari soliq organlarining ayrim elektron xizmatlari ishlamaydi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 30-avgust soat 22:00dan 3-sentabr 18:00 gacha profilaktika ishlari o‘tkaziladi.
Bu veb-resurslar faoliyatini optimallashtirish va Ma’lumotlarni qayta ishlash markazining yuklamalarni qabul qilish imkoniyatini oshirishga qaratilgan. Profilaktika davomida soliq organlarining ayrim elektron xizmatlari ishlamaydi.
Bundan tashqari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bayram kunlari my.gov.uz xizmatlaridan foydalanish mumkinliglini ma’lum qildi.
Fuqarolarga 31-avgust, 1−3 sentabr kunlari elektron davlat xizmatlarini olishga yoki to‘lov amaliyotlarini bajarishga to‘g‘ri kelib qolsa, portal imkoniyatlaridan foydalanish tavsiya etildi.
Mustaqillik bayramida Toshkent metrosi 31-avgust va 1-sentabrda odatiy ish kunlari, 2,3-sentabrda esa dam olish kunlari uchun belgilangan jadval asosida xizmat ko‘rsatadi.
“Toshshahartransxizmat” avtobus saroylari tasarrufidagi avtobus yo‘nalishlarining faoliyati esa yakshanba kunlari uchun tasdiqlangan jadvallar asosida tashkil etiladi.
Avvalroq Markaziy bank bayramda ayrim banklar tomonidan valyuta ayirboshlash va pul o‘tkazmalari shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.