Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda dori vositalarini ulgurji va chakana sotuvchi xo‘jalik yurituvchitolar belgilangan ustamalarni oshirib qo‘llashgani aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning “Fair tech” yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar asosida tekshirish o‘tkazilganda 473ta dorixona tomonidan (133ta ulgurji va 340ta chakana) huquqbuzarlik sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur dorixonalar tomonidan 49 455ta holatda 5,4 mlrd so‘mga yaqin asossiz daromad olingan. Shundan uchdan bir qismidan ortig‘i — 1,9 mlrd so‘mi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtdagi 71ta dorixona 17 266ta narxlari oshirilgan cheklar bergan.
Undan keyingi o‘rinda 1,14 mlrd so‘m asossiz mablag‘ olgan (7 544ta holatda) 44ta muassasa bilan Namangan viloyati turibdi. Uchin o‘rinda esa 7ta dorixonadagi 1048ta holatda 914 mln so‘m bilan Surxondaryo viloyatida joylashdi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatidagi 62ta dorixona 743,7 mln so‘m, Andijondagi 20ta dorixona 312,8 mln so‘m hamda Navoiydagi 32ta dorixona 134,9 mln so‘m miqdorida iste’molchilardan dori vositalari narxlarini asossiz oshirish natijasida mablag‘ olingan.
Eng past ko‘rsatkich Xorazm viloyatida qayd etilgan. Hududdagi 5ya dorixona tomonidan 10 mln so‘m miqdorida asossiz daromad olingan. Bu ko‘rsatkich Qashqadaryodagi 18ta muassasada 18,8 mln so‘mni tashkil etgan.
Natijada, asossiz mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinib, iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Shuningdek, qo‘mita ustamalarni oshirib qo‘llagan dorixonalarga nisbatan chora ko‘rilishini va huquqbuzar dorixonalar ro‘yxatini rasmiy sahifalarida e’lon qilib borishini ma’lum qiladi.
Avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov O‘zbekistonda elektron retsept tizimiga o‘tish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.