Avvalroq Toshkent halqa yo‘lining Mirzo Ulug‘bek tumani, Temur Malik ko‘chasidan o‘tgan qismi rekonstruksiyadan keyin ochilgani haqida xabar berilgandi.
Shavkat Mirziyoyev yangi yo‘l o‘tkazgichni ishga tushirish jarayonida Toshkent halqa yo‘lining boshqa chorrahalarida ham bu kabi yo‘l o‘tkazgichlar qurish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Prezidentimiz tomonidan Toshkent shahrida tirbandliklarni kamaytirish, svetovorlar, tirband chorrahalardan voz kechgan holda zamonaviy transport yechimlarini qurish bo‘yicha topshiriq olgandik. Birinchi marta metall konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich qurilishini prezidentimizga taqdim etdik”, — dedi qo‘mitasi raisi.
Xususan, u metall konstruksiyali yo‘l o‘tkazgich an’anaviy biton konstruksiyali yoki monolit ko‘priklardan farq qilishini qayd etdi. Birinchi farqi, konstruksiya 2,5−3 barobar yengil ekanligida, ikkinchisi esa, inshoat monolit ko‘prikdan 30% arzon.
Shuningdek, yo‘l o‘tkazgichning ekspluatatsiya xarajatlari an’anaviy quriladigan yo‘l o‘tkazgichlarga nisbatan 4−5 baravar kam bo‘ladi. Foydalanish davri — 100−120 yilgacha.
Prezident mazkur inshoat bilan tanishish davomida qisqa vaqtda Toshkent halqa yo‘lini to‘liq o‘rganib chiqib, shahardagi yirik tirband chorrahalarda metall konstruksiyali yo‘l o‘tkazgichlarni qurish bo‘yicha topshiriq berdi.
“Albatta, biz, mutaxassislar Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda qisqa muddatda chorrahalarni xatlovdan o‘tkazib, tajribamizni yanada oshirgan, yangi-yangi loyihalarni qo‘llagan holda hamshaharlarimizga yangi inshootlarni qurib foydalanishga topshiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Jamshid Tursunov.
Toshkent halqa yo‘lining Temur Malik ko‘chasidan o‘tgan qismi kengaytirilib, 6−8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4ta yerosti o‘tish joyi, piyoda va veloyo‘laklar qurildi.
Bundan tashqari, 3ta qayrilib olish hamda 18ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. Bu tirbandlikni kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.
Avvalroq $133 mlnlik “Agalarov Residence” turar-joy majmuasi Fransiya elchixonasi yonida joylashishi haqida xabar berilgandi. 1,98 gektar maydondagi apart-mehmonxona qurilishi sentabr oyida boshlanadi. Qurilish jarayonida Evos va Stoloffka umumiy ovqatlanish shoxobchalari buziladi.